Mana, sizga reyestrga ixtiyoriy ravishda kirishning ahvoli

Tahlil

image

Bugun Vazirlar Mahkamasining ikki haftalik muddatga (6 noyabrdan 21 noyabrgacha) muhokamaga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bazasida “Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining Yagona reyestri”  ID-9873 qarori loyihasi muhokamasi yakunlandi. 

Bir qarashda, hujjat faqat pochta va kurerlik jo‘natmalari sohasi vakillariga tegishlidek tuyuladi. Ammo agar diqqat bilan qaralsa, reyestrga kirish masalasi shaxsiy foydalanish uchun tovarlarni olib kirishdagi boj olinmaydigan imtiyozlarga borib taqaladi, ulardan – e’tibor qiling – faqat Yagona reyestrga kiritilgan pochta va kurerlik kompaniyalari mijozlarigina foydalana olishadi. Iqtibos keltiramiz: “O‘zbekiston Respublikasiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali kirib kelayotgan tovarlar uchun bojxona to‘lovlari bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlar faqat Yagona reyestrga kiritilgan operator va provayderlarga qo‘llaniladi”.

Mana, sizga reyestrga ixtiyoriy ravishda kirishning ahvoli: agar kirmasangiz, bozorning boshqa ishtirokchilariga nisbatan raqobatdosh bo‘lolmaydigan holatga tushishingiz tabiiy. Tadbirkor uchun munosib tanlov imkoniyatidan asar ham yo‘q. Bunday vaziyatda “ixtiyoriy asosda” jumlasidan qarorning loyihasida foydalanish qanchalik to‘g‘ri va o‘rinli, deb o‘ylaysiz?

Umuman olganda, Yagona reyestrni yaratish borasida gap ketganda, uning bozorni rivojlantirish va shaffofligini saqlash uchun aniq afzalliklarini ham tilga olish zarur. Reyestr yaratishning asosiy mohiyati tushunarli – pochta va kurerlik xizmatlari sohasini monitoring qilish va tartibga solish. Ushbu soha hozirgi kunga qadar asosan to‘siqlar, tekshiruvlar va boshqa cheklash choralarini joriy etish orqali tartibga solinib kelinar, bunday choralar oqibati esa operatorlar va provayderlar emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri mazkur kompaniyalarning xizmatlarini oluvchi bo‘lganlar, ya’ni aholida o‘zining salbiy aksini topayotgan edi.

Hujjat loyihasining kirish qismida ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda aholiga belgilangan narxlarda universal ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatuvchi "O‘zbekiston pochtasi" OAJdan tashqari 200 ga yaqin xususiy tadbirkorlik sub’ektlari pochta va kurerlik jo‘natmalarini jo‘natish va yetkazib berish faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

Ushbu xususiy kompaniyalarning milliy operatorga nisbatan ustunliklari - mobillik, tezkorlik, moslashuvchanlik va "ostonadan ostonagacha" xizmati kabilardir. Ammo bojxona qo‘mitasi va uning alohida xizmatlari, ushbu kompaniyalar orasida bojsiz imtiyozlardan foydalanish maqsadida tijorat yuklarini "shaxsiy foydalanish uchun tovarlar" niqobi ostida olib kiradigan muayyan huquqbuzarlar bor ekanini bir necha bor ta’kidlashgan. Odatda, bunday kompaniyalar uzoq vaqt bozorda qolmaydilar, ammo faol va muntazam ravishda ko‘paymoqdalar. Yagona reyestr esa, shubhasiz, bunday kompaniyalar va ularning harakatlarini kuzatib borish imkonini beradi. 

Qaror loyihasida keltirilgan Yagona reyestrga kirish shartlari ta’riflangan yana ikkita qiziq bandga e’tibor bermaslikning ilojisi yo‘q. 

Birinchisi – pochta va kurerlik jo‘natmalarini pochta xavfsizligini ta’minlash maqsadida tekshirish uchun texnik vositalarning mavjud bo‘lishi. Bu borada munozaraga o‘rin yo‘q, albatta. Agar kompaniya bunday talablarga javob bermasa, u pochta va kurerlik xizmatlari bozorida shunchaki faoliyat yurita olmaydi, axir kundalik jo‘natmalar orasida ta’qiqlangan moddalar yoki biologik qurollarni o‘z ichiga olgan posilkalar ham bo‘lishi aql bovar qilmas holat ekani tayin.

Ammo ishni yaxshi boshlangan qaror loyihasi ishlab chiquvchilari reyestrga kirish doirasini tobora toraytiradigan yana bir nechta bandlarni qo‘shishga qaror qilishgan.

Masalan, barcha provayderlar, ya’ni kurerlik kompaniyalarining operator bilan shartnomaga ega bo‘lishi Yagona reyestrga kirishning majburiy shartlaridan biri qilib belgilab qo‘yilgan (II bob, 7-band), bugungi kunda “O‘zbekiston pochtasi” - yagona pochta operatori hisoblanadi.. Bu qanday shartnoma va u kurerlik kompaniyalariga resstrga kirishdan tashqari yana nima berishi hujjatda tushuntirilmagan. Ehtimol, birorta aytarli sabablar ham bordir, ammo hozirda bu milliy operatorning shunchaki davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishidan boshqa holatga o‘xshamaydi.

Gap shundaki, bugungi kunda kurerlik kompaniyalarining pochta aloqasi operatori bilan shartnoma tuzishiga hojat yo‘q, chunki ushbu kompaniyalar yuklarni mustaqil va tezkor ravishda “ostonagacha” yetkazib berishadi. Shuning uchun, kurerlik kompaniyalari, odatda, tadbirkorlik faoliyati uchun zarur bo‘lgan shartnomalarni faqat aviakompaniyalar bilan tuzadilar, bu esa o‘z samolyotlariga ega bo‘lmagan holda mijozlarga yuklarni chet eldan yetkazib berishni ta’minlaydi. Shuningdek, xalqaro kurerlik jo‘natmalarini almashish joylari bilan ham shartnomalar tuzadilar, bu yerda mamlakatga olib kirilayotgan yuklar majburiy bojxona ko‘rigidan o‘tkazilib, ro‘yxatga olinadi. Ya’ni, bojxona tekshiruvlarining to‘liq siklini o‘tkazish uchun moddiy yoki texnik shart-sharoitlarni o‘zing yaratasan yoki ushbu sharoitlar yaratilgan joyga murojaat etasan. Bugungi kunda XKJni tekshiruvdan o‘tkazishga mo‘ljallangan uchta texnik jihozlangan joy mavjud bo‘lib (Shimoliy vokzaldagi bojxona nazorati postlari, xalqaro ayeroportdagi postlar, shuningdek, xalqaro ayeroport yaqinidagi STR-pochta hududida joylashgan “Boshpochta” posti), kurerlik kompaniyalari ular bilan shartnoma asosida hamkorlik qilishadi. 

Shu sababli, provayderlik kompaniyalari vakillari agar kompaniyalarning o‘zlarida bunday shartnomani tuzishga ehtiyoj bo‘lmasa, pochta aloqasi provayderi bilan majburiy shartnomaning bo‘lishi to‘g‘risidagi moddani Yagona reyestrga kiritish shartlaridan olib tashlash kerak, deb hisoblaydilar.

Eng asosiysi, “Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining Yagona reyestri”ga kirish kompaniyalarning bojxona imtiyozlariga bo‘lgan huquqlarini belgilab beradigan bo‘lsa, ushbu reyestrga kiritish jarayonini har tomonlama shaffofligini ta’minlash, har qanaka korrupsion tarkib va idoralar tomonidan har qanday manipulyatsiya qilish imkoniyatlarini bartaraf etilishini ta’minlashi darkor.
 


Maqola muallifi

Teglar

Pochta aloqasi Yagona reestr

Baholaganlar

13

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar