Malika Ketrin saratondan davolanishni yakunladi
Olam
−
09 Sentabr
4732Uels malikasi Ketrin (Keyt Middlton) bugun, 9 sentyabr kuni o‘ziga shu yil boshida tashxis qo‘yilgan saraton kasalligidan davolanishni yakunlaganini e’lon qildi. Bu haqda Uels shahzodasi va malikasining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida tegishli bayonot e’lon qilindi.
"Yoz tugashi bilan, kimyoterapiyani yakunlaganimdan naqadar yengil tortganimni ayta olmayman", deydi malika.
Keyt Middltonning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi to‘qqiz oy uning oilasi uchun "aql bovar qilmaydigan darajada qiyin" bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, saratonga qarshi kurash "hamma uchun, ayniqsa ularga eng yaqin odamlar uchun qiyin, qo‘rqinchli va oldindan aytib bo‘lmaydigan jarayon".
Malika Ketrin "tiklanish va to‘liq tiklanish" sari harakat qilishda davom etishini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, bu uzoq vaqt talab etadi. Shunga qaramay, Ketrin yaqin oylarda ishga qaytishni va omma oldida chiqish qilishni rejalashtirmoqda.
"Avval sodir bo‘lgan hamma narsaga qaramay, men hayot uchun yangi umid va minnatdorchilik hissi bilan tiklanishning yangi bosqichiga o‘tmoqdaman", deydi Keyt Middlton.
Malika Ketrin va shahzoda Uilyam barchaga yordam uchun minnatdorlik bildirdi. Ketrin saratonga qarshi kurashda davom etayotganlar bilan "yonma-yon" qolishini qo‘shimcha qildi.
Shifokorlar 42 yoshli Keyt Middltonga yanvar oyida qorin bo‘shlig‘ida jarrohlik amaliyotini o‘tkazgandan so‘ng saraton tashxisini qo‘yishdi. U fevral oyining oxirida kimyoterapiyani boshladi. Keyt Middlton iyun oyida davolanishda muvaffaqiyatlar borligini e’lon qildi, shundan so‘ng u deyarli olti oy ichida birinchi marta omma oldida paydo bo‘ldi.
LiveBarchasi