Malida qirg‘in. 132 kishi jangarilar tomonidan o‘ldirildi

Olam

image

Malining markazidagi Mopti hududidagi bir qator aholi punktlariga qurolli hujumlar uyushtirildi. Oqibatda 132 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda kecha, 21 iyun kuni G‘arbiy Afrika Respublikasi rasmiylari xabar bergan.

Qayd etilishicha, hujumni sodir etishda “Al-Qoida”ga aloqador “Katiba Masina” terrorchilik guruhi ayblanmoqda va hodisa “qirg‘in” deb ta’riflanmoqda.

Mahalliy hukumat a’zolaridan biriga ko‘ra, hujumchilar o‘nlab odamlarni o‘ldirishdan tashqari, ularning kulbalarini yoqib yuborgan va chorva mollarini o‘g‘irlagan.

“Radio France Internationale” nashri xabariga ko‘ra, 100 ta mototsiklda kelgan jangarilar Mali armiyasi va Rossiyaning xususiy harbiy kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun qishloq aholisidan qasos olishga kirishgan.

Bryussel voqea munosabati bilan Afrika mamlakati xalqiga hamdardlik bildirgan. Yevropa tashqi harakatlar xizmati bayonotida aytilishicha, Yevropa Ittifoqi “Mali va Saheldagi tinch aholiga nisbatan qo‘llanilayotgan huquqbuzarliklar ko‘lamidan xavotirda”. YeI mazkur va avvalgi qotillik holatlariga  oydinlik kiritishga, shuningdek aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Malidagi barqarorlikni saqlash bo‘yicha tinchlikparvar missiyasi (MINUSMA) allaqachon jangarilarni qidirishga yordam berish niyatini bildirgan. Missiya vakili bu fojiani xalqaro huquqning buzilishi deb atagan. MINUSMA a’zolari mahalliy hokimiyat organlariga yaradorlarni evakuatsiya qilish va ularga g‘amxo‘rlik qilishda yordam beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

215

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing