Malibu’dan ayrilmaslik uchun erkak MIBga qarzlarini to‘ladi
Jamiyat
−
15 mart 2023
8969Andijon viloyatida fuqaro Malibu mashinasidan ayrilib qolishni o‘ylab, 126 million miqdordagi qarzi va 5 ta ma’muriy jarimasini birdaniga to‘lab yubordi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Majburiy ijro byurosi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor R.U.dan undiruvchi xususiy mas’uliyati cheklangan jamiyat foydasiga 126 720 533 so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilangan. Byuroning Jalaquduq tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilib, bu haqda taraflarga ma’lum qilingan.
Qarzdor R.U. belgilangan muddatda qarzdorlikni to‘lamagani sabab majburiy ijro harakatlariga kirishilgan va uning nomida Malibu rusumli avtotransport vositasi borligi aniqlangan. Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan avtomashina xatlanishi aytilib, ijro harakatlari olib borilayotgan vaqtda u 126 720 533 so‘m qarzini to‘liq to‘lab yuborgan.
Shuningdek, ijro hujjati talablarini o‘z vaqtida ijro etmaganligi sababli qarzdorga nisbatan qo‘llanilgan 2 100 000 so‘m jarima pullari ham to‘liq undirilgan.
Bundan tashqari, olib borilgan huquqiy tushuntirishlar natijasida qarzdor R.U. yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun belgilangan 5 ta ma’muriy jarimalarni ham to‘lab bergan.
Shu asnoda, R.U. barcha qarzlarini to‘lab, Malibu mashinasini xatlanishidan saqlab qolgan.
LiveBarchasi