Maktablarda yangi lavozim joriy etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda o‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi. Bu haqda bugun, 8 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va intilishini yuzaga chiqarish bo‘yicha ham yagona vertikal tizim joriy etiladi. Shu maqsadda “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi hamda “Ëshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. O‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi. 

Maktab maslahatchisining lavozim maoshi umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozim maoshiga tenglashtiriladi, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab maslahatchilariga har oylik 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi. Maktablarda o‘quvchilarning portfolio bazasi shakllantiriladigan erp.portfolio platformasi yaratiladi. U maktab maslahatchilari tomonidan yuritiladi hamda 2028-2029 o‘quv yilidan maktab shahodatnomalarida qayd etiladi.

Bildirilishicha, so‘nggi sakkiz yilda bog‘chalarda o‘rinlar soni 2,5 milliontaga ko‘paytirilib, maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetgan. Bu qamrovni oshirish maqsadida har yili 20 ming o‘rin ochish rejalashtirilgan. Buning uchun yangi ko‘p qavatli uylar qurilishida ulardagi aholi soniga mutanosib maktabgacha ta’lim tashkiloti ham bo‘lishi nazarda tutiladi. Bog‘chalarda ishlayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar uchun dual ta’lim va malaka oshirish tizimi joriy etiladi.

“Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurishga ruxsat etiladi. Tadbirkorlarga faoliyatni o‘zgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari bepul beriladi hamda 7 yilgacha bo‘lgan imtiyozli kredit ajratiladi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, 2026-2028 yillarda respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi. Davlat rahbari iqtisodiyot tarmoqlarining hozirgi va kelgusi talabidan kelib chiqib, texnika va muhandislik yo‘nalishlarini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan edi. Shunga muvofiq, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Ushbu maktablarga bolalar imtihon asosida saralab olinadi va Davlat byudjeti hisobidan o‘qitiladi. Ularda “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik ta’lim dasturi joriy qilinadi. O‘quv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi.

Ma’lumki, ma’naviy-tarbiyaviy ishlar ta’limning bir qismi. Ammo hozirda ta’lim muassasalarida bunday tadbirlarga turlicha yondashilib kelinmoqda. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va iste’dodini yuzaga chiqarishda yaxlit tizim yo‘q. Shu bois, bolalar bog‘chasidan oliy ta’limgacha qamrab olgan yagona milliy g‘oya konsepsiyasi ishlab chiqildi. U ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning namunaviy rejasi bo‘ladi. Natijada bunday ishlar tartibli va saviyali tashkil etilib, o‘quvchilar ortiqcha tadbirlarga jalb etilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab maslahatchisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing