Maktabda joriy etilayotgan yangi lavozim egalarining vazifasi aytildi
Olam
−
15 Sentabr 2025 27996 2 daqiqa
O‘tgan hafta imzolangan Prezident qaroriga muvofiq, maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinmoqda. Bugun, 15 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar bilan qilayotgan muloqotda ushbu lavozimni egallaydigan shaxsning vazifalariga nimalar kirishi aytildi.
Ma’lum qilinishicha, maktab maslahatchilari 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishi va kasbiy qiziqishi bo‘yicha saralab, 9-sinfni bitirganida texnikumlarga yo‘naltiradi.
Shu bilan birga, 9-sinfni bitirib, texnikumga kirgan yoshlarga maktabga qaytib kelish imkoniyati bor. Endilikda 10-sinfga o‘tib, maktabda o‘qish fikridan qaytgan yoshlar ham ta’limni texnikumda davom ettirishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, bu yil 11-sinfni bitirib, oliygohga kira olmagan 200 ming yoshlar ham texnikumlarda 3-6 oylik qisqa muddatli dasturlar asosida kasbga o‘qitiladi.
“Yangi tashabbuslarimizdan maqsad nima? Har bir bolani kasb-hunar orqali daromadli qilsak, barcha oilalarning ro‘zg‘ori but bo‘ladi, mahallalarda tinchlik hukm suradi”, dedi Prezident.
Davlat rahbari texnikumdagi muallim va ustalarning malakasini, jamiyatdagi mavqeini oshirish bo‘yicha ham yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, maktabdagi kabi texnikumlarning o‘qituvchi va ustalari uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi. Shu orqali texnikum ustozlariga milliy sertifikat uchun oyligining 30 foizi, xalqaro sertifikatga esa 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.
Shu bilan birga, texnikum direktori va o‘rinbosarlariga maktabdagi hamkasblaridan kam bo‘lmagan oylik qilib beriladi. Agar ular “Direktorlar maktabi”da menejerlik sertifikatini olsa, yana qo‘shimcha 20 foiz ustama to‘lanadi.
Endilikda texnikumlarda ham oliygohlardagi kabi ilmiy daraja va unvonlar uchun ustamalar to‘lash yo‘lga qo‘yiladi. Har yili 500 nafar muallim ilg‘or xorijiy ta’lim tashkilotlariga, yana 500 nafar ustalar esa chet eldagi yirik korxonalarga stajirovkaga yuboriladi.
Live
Barchasi