Maktablarda o‘qitish haddan tashqari qolipga solingan – Prezident

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 28 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli insonlarga bog‘liq. Shu bois oxirgi to‘rt yilda ta’lim sifatini yaxshilash, o‘qituvchilar mavqeini yuksaltirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Endi mamlakat yangi davrga qadam qo‘ymoqda. O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish aynan ta’lim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan. Davlat rahbari bu hayot-mamot masalasi ekanini ta’kidladi.

"Bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yo‘q. Maktab ta’limida poydevorni bugundan mustahkam qo‘yishimiz kerak. Bunga barcha e’tiborimiz va resurslarimizni safarbar qilamiz. Qiyin yo‘lni tanlayapmiz, lekin shu yo‘l muammolarni yechadi", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maktablarni yaxshilash faqat Xalq ta’limi vazirligining emas, balki barcha vazirlik va idoralar, hokimliklar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Xususan, mamlakat bo‘yicha 10 ming 130 ta maktabni isloh qilish zarur. Bu 6 milliondan ziyod o‘quvchilar, 500 mingdan ortiq muallimlar, umuman, jamiyatning barcha qatlamlari, har bir oilaning kelajagiga daxldor.

Yig‘ilishda, avvalo, sohadagi muammo va dolzarb masalalar ko‘rsatib o‘tildi.

Bugungi kunda 1 ming 695 ta maktab mukammal ta’mirga muhtoj. Afsuski, hanuzgacha 179 ta paxsadan qurilgan maktab bor. 3 mingdan ziyod maktab uchun qo‘shimcha o‘quv binolari zarur. 2 mingdan ortiq maktabda sport zal yo‘q.

Bundan tashqari, yangi massivlar barpo etilishi, qishloq infratuzilmasi kengayishi va aholi o‘sishi hisobiga yana 270 ta maktab qurishga ehtiyoj bor.

Shu paytgacha foydalanib kelinayotgan ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari faqat nazariy bilim berishga yo‘naltirilgan bo‘lib, bolalarni mantiqiy fikrlashga, amaliyotga, hayotga o‘rgatmayapti.

Maktablarda ishlayotgan 504 ming pedagogdan 60 ming nafari o‘rta maxsus ma’lumotli, 190 ming nafarida esa umuman malaka toifasi yo‘q. Ko‘p pedagoglarning bilimi va mahorati yetarli emas. O‘qituvchi sifatli dars o‘tishga emas, “ko‘proq soat olish”ga intiladi.

Tizimda hanuzgacha 200 dan ortiq hisobotlar mavjud, o‘qitish, tadbirlar o‘tkazish kabi jarayonlar haddan tashqari qolipga solingan. Maktab kutubxonalaridagi kitob fondi yillar davomida yangilanmagan. Atigi 615 ta maktabda milliy musiqa anjomlari mavjud.

Maktablarni baholash, ularni attestatsiya va akkreditatsiyadan o‘tkazish nomiga bo‘lib, ta’lim-tarbiya muhitini yaxshilashga xizmat qilmaydi.

Bu kabi kamchiliklar xalq ta’limi tizimida barcha yondashuvlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish, ularni mutlaqo takomillashtirishni talab qiladi. Shu bois, maktablarning ham ichki, ham tashqi qiyofasini yangilash, ta’lim sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha katta islohotlar boshlanishi aytildi.

"Umuman, o‘qitish metodikasi, darsliklari, partadan tortib, binosigacha to‘liq qayta ko‘rib chiqamiz. Ta’limga, muallimga sharoit yaratmasak, jamiyat o‘zgarmaydi. Tuman, viloyat va respublika darajasida Maktab ta’limini isloh qilish kengashlari tuziladi. Respublika kengashiga shaxsan o‘zim rahbarlik qilaman. Tuman va viloyat kengashlariga esa hokimlar bosh bo‘ladi", dedi Prezident.

Bu kengashlar sohaga oid ishlarni xalq bilan kengashib, o‘qituvchilar, ota-onalar va mutaxassislarning fikrlari asosida tashkil qiladi.

Yig‘ilishda maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Kelgusi besh yilda 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni tashkil etish zarur. Davlat rahbari yangi maktablar va mavjudlarida qo‘shimcha binolar qurish orqali quvvatlarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Endi bu ishlar bilan viloyat, shahar va tuman hokimlari shug‘ullanishi ta’kidlandi. Davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘dan tashqari mahalliy byudjet tushumlarining ham bir qismi maktablarga yo‘naltiriladi. Eng muhimi, yangi maktablar mahalla faollari, ota-onalar va jamoatchilik nazorati ostida quriladi va foydalanishga qabul qilinadi.

Qurilish vazirligiga yangi talablardan kelib chiqib, “namunaviy maktab” loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.

Sharoitdan keyingi ikkinchi muhim masala bu – maktablardagi muhit. Davlat rahbari buning uchun boshqaruvni isloh qilish zarurligini ta’kidlab, xalq ta’limi bo‘limi mudirligi va maktab direktorligiga malakali menejerlarni tayinlash, xorijdan mutaxassislar jalb qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Xalq ta’limi vazirligiga ushbu mutaxassislarga aniq natijaga asoslangan talab va mezonlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yuqori malakali, izlanuvchan, o‘zining “mahorat maktabi”ga ega muallimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi. Unga ko‘ra, Xalq ta’limi vazirining jamg‘armasi tashkil etiladi
va unga dastlab byudjetdan 300 milliard so‘m ajratiladi. Jamg‘arma mablag‘lari ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etayotgan, o‘quvchilari yuqori natijalarga erishgan muallimlarga ham beriladi.

Yana bir tashabbusga ko‘ra, har bir viloyatda pedagogika institutlari, universitetlar, akademik litsey va ixtisoslashgan maktablar o‘qituvchilaridan iborat “mobil metodik guruhlar” tashkil qilanadi. Ular ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga borib, pedagoglarga yangicha o‘qitish uslublarini tushuntiradi va ko‘maklashadi. Buning uchun ularga alohida oylik ustamalari beriladi.

Pedagog kadrlarni tayyorlash tizimi ham tubdan takomillashtiriladi. Buning uchun Toshkent shahridagi 5 ta hamda hududlardagi 17 ta oliy ta’lim muassasalari doimiy tarzda maktablarga biriktiriladi. Talabalar 1-kursdanoq maktablar bilan bog‘liq tarzda o‘qiydi. Bu orqali ham talabaning, ham maktab o‘qituvchisining, ham oliygoh muallimining kasbiy mahorati oshadi.

Maktablarda o‘quv yuklamasi va darslar sonini qayta ko‘rib chiqish, bolalarni fikrlashga chorlaydigan metodikalarni joriy qilish, darsliklarni ilg‘or tajribalar asosida to‘liq yangilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport va san’at to‘garaklarini faollashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbari maktab ta’limi sohasidagi islohotlar juda muhim ekanini ta’kidlab, mutasaddilarga xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda strategiya ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi. Shu asosda, Maktab ta’limini rivojlantirish dasturi qabul qilinishi belgilandi.

Yig‘ilishda vazirlar va hokimlar, mamlakatning barcha hududlaridan muallimlar va maktab direktorlari o‘z takliflarini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab

Baholaganlar

123

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing