Maktablarda pul yig‘ganlar jarimaga tortilishi mumkin. Qirg‘izistonda

Jamiyat

image

Qirg‘izistonda deputat Mirgul Temirboyeva maktablarda pul yig‘imi uchun jarima solishni taklif qilmoqda. U bu haqda parlamentning huquq-tartibot, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi yig‘ilishida so‘z ochdi.

Qayd etilishicha, mamlakat Prezidenti Sadir Japarovning noqonuniy pul yig‘ish va jamoat fondlarini tashkil etishni taqiqlashiga qaramay, maktablarda pul yig‘ish davom etmoqda.

“O‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning vasiylari o‘qituvchilar va maktab direktorlariga qimmatbaho sovg‘alar uchun jamoaviy pul yig‘ishda ishtirok etishi, so‘nggi qo‘ng‘iroq marosimini, bitiruv oqshomini o‘tkazishi yoki sinflarni jihozlash uchun asbob-uskunalar sotib olishi shart emas. Aksariyat hollarda ota-onalar bola uchun pul bermasa, o‘qituvchilar keyinchalik o‘quvchiga salbiy munosabatda bo‘lishidan qo‘rqadi”, deydi deputat qo‘mita yig‘ilishida.

Qonunga xilof ravishda pul mablag‘larini yig‘ish holatlari aniqlanganda, Qoidabuzarliklar haqidagi kodeksga muvofiq javobgarlikka tortish taklif qilinmoqda.

Yangi moddaga ko‘ra,  davlat umumta’lim tashkilotlarida (1-sinfdan 11-sinfgacha o‘qitiladigan maktablar) pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda yig‘ish jismoniy shaxslarga 200 hisob-kitob ko‘rsatkichi (20 ming qirg‘iz somi — 3 million so‘mdan ziyod)      miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday holat maktablar qoshida jamoat fondlarini tashkil etish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, jismoniy shaxslarga 400 hisob-kitob ko‘rsatkichi (40 ming som — 6 million so‘mdan ortiq), yuridik shaxslarga 600 hisob-kitob ko‘rsatkichi (60 ming som — 9 million so‘mdan ziyod) miqdorida jarima solishga olib keladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 avgust kuni O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova boshchiligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakatdagi maktab va bog‘chalarda ota-onalardan majburiy fond puli yig‘ilishi taqiqlanishi ma’lum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Maktab Qirg'iziston jarima

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing