Maktabdagi otishmada uch kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Bugun, 22 iyun kuni Filippinning markaziy qismidagi o‘rta maktabda ikki nafar o‘quvchi qurolli hujum uyushtirishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, yana yetti kishi yaralandi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 14 va 15 yoshli ikki o‘quvchi bugun, 22 iyun kuni ertalab Takloban shahridagi San Jose National High School maktabida o‘qotar qurollardan foydalangan holda o‘t ochgan. Mintaqaviy politsiya boshlig‘i Jeyson Kapoyning aytishicha, hujum qilganlar ham, qurbonlar ham mazkur maktab o‘quvchilari bo‘lgan.

Gumondorlar voqeadan so‘ng qo‘lga olingan. Dastlabki so‘roqlarda gumondorlar maktabda muntazam tahqirlash va zo‘ravonlikka uchraganliklarini bildirgan. Biroq politsiya bu borada qo‘shimcha ma’lumot bermagan.

Qayd etilishicha, gumondorlarning avval sudlanmaganligi aniqlangan. Shuningdek, ular hujumda ishlatilgan 9 millimetrli to‘pponcha va 38 kalibrli revolverni qayerdan olgani hozircha noma’lum.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, maktabda bir vaqtning o‘zida bir nechta kirish va chiqish joylarini nazorat qilayotgan faqat bitta qo‘riqchi bo‘lgani sababli o‘quvchilar qurollarni maktab hududiga olib kirishga muvaffaq bo‘lgan.

“Gumondorlar dastlab bir sinfxonaga bostirib kirgan. Otishmadan keyin bolalar qochib ketgan va hujumchilar ayrim jabrlanuvchilarni quvib, boshqa xonaga ham kirgan ko‘rinadi”, deydi Kapoy.

Politsiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lgan va yaralanganlarning aksariyati qiz o‘quvchilar bo‘lgan. Gumondorlardan biri hujumdan keyin maktab hududida qo‘lga olingan. Ikkinchisi esa qochib, yaqin atrofdagi uyga yashiringan. Mahalliy aholi xabari asosida politsiya uni ham topib hibsga olgan.

Filippin prezidenti Ferdinand Markos kichik voqea yuzasidan har tomonlama tergov o‘tkazishni buyurgan hamda barcha maktablar, ish joylari va jamoat maskanlarida xavfsizlik choralarini kuchaytirishni topshirgan.

“Prezident bu voqeadan chuqur qayg‘uga tushdi. Ayniqsa, qurbonlarning ota-onalari uchun bu juda og‘ir va dahshatli holat”, deydi Prezident kommunikatsiyalari bo‘yicha kotib o‘rinbosari Kler Kastro.

Filippin milliy politsiyasi fuqarolarni xotirjamlikni saqlashga va tergovga yordam berishi mumkin bo‘lgan har qanday ma’lumotni huquq-tartibot organlariga yetkazishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi tumanlaridan birida joylashgan maktabda otishma yuz bergan edi. To‘qqizinchi sinf o‘quvchisi ta’lim muassasasiga pnevmatik qurol olib kirgan.


Maqola muallifi

Teglar

maktab otishma Filippin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing