Maktab o‘quvchilarining ro‘mol o‘rashi va soqol qo‘yishiga ruxsat berildimi? XTV bayonot bilan chiqdi
Jamiyat
−
08 iyul 2021
37705Yangi tahrirda ishlab chiqilib, qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun bilan O‘zbekistonda jamoat joylarida ibodat libosida yurishga taqiq qonundan chiqarib tashlandi. Shundan so‘ng, fuqarolar orasida umumta’lim maktablari o‘quvchilarining kiyinish madaniyati, xususan, o‘quvchi qizlarning maktabda bosh kiyimda yurishi hamda o‘g‘il bola o‘quvchilarning soqol qo‘ygan holda maktabga kelishi masalasida turli savollar kelib chiqmoqda. Xalq ta’limi vazirligi yuqoridagilarni inobatga olgan holda rasmiy bayonot berdi.
Unda yozilishicha, o‘quvchilarni umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kiyinish madaniyati bilan bog‘liq normalar amaldagi ta’lim to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilab berilgan. Shuningdek, yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi Qonunning sharhida ham amaldagi boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan, davlat tashkilotlari va muassasalarida xodimlarning kiyinishiga oid talablar ularning ichki hujjatlari bilan tartibga solinishi ma’lum qilingan.
Xususan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasida O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimi dindan ajratilgandir. Ta’lim tizimining o‘quv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga (bundan diniy ta’lim muassasalari mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni 49-moddasida ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchilarning kiyim-boshiga doir talablar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi qayd etilgan.
Hukumat tomonidan 2018 yil 15 avgustda 666-son “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan. Shu bilan birga, mazkur qaror bilan Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom (matnda keyingi o‘rinlarda – Nizom) tasdiqlangan.
Mazkur Nizomga ko‘ra umumta’lim maktablarida:
- o‘g‘il bola o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yagan holda kelishlariga;
- qiz bola o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nizomga muvofiq, o‘quvchilarning maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilmaslik ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzish deb baholanadi va bunday o‘quvchilarga quyidagi choralar qo‘llanishi mumkin:
- ogohlantirish;
- kundalik daftariga qayd etish;
- tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish;
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ta’lim muassasasidagi yig‘ilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish.
Mazkur talablarga o‘quvchilar tomonidan qat’iy amal qilinishi uchun ota-onalar mas’ul hisoblanishini Nizomda belgilanganini alohida ta’kidlash lozim.
Bugungi kunda davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari ta’lim muassasasiga mazkur Nizom talablarida belgilangan tartib hamda ta’lim muassasasi tomonidan tasdiqlangan maktab formasiga muvofiq kiyinishlari, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 iyundagi 509-son qarori bilan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun hukumat tomonidan tasdiqlangan maktab formasi majburiy hisoblanadi.
Vazirlikning yozishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shaxslar tomonidan bugungi kunda Nizomning yuridik kuchga ega emasligi, unda belgilangan qoidalar amalda emasligi haqidagi hech qanday asosga ega bo‘lmagan ma’lumotlar tarqatilmoqda. Ushbu fikrlarga shuni alohida qayd etishimiz joizki, zamonaviy yagona maktab formasi 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab majburiy etib belgilangan bo‘lsa-da, biroq Nizomda belgilangan talablar davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilari va xodimlari, o‘quvchilarning ota-onalari uchun bugungi kunda ham majburiy va O‘zbekiston Respublikasining butun hududi bo‘yicha amal qiladi.
“Maktab formasini joriy etishning maqsadi o‘quvchilarning bilimli, odob-axloqli, sog‘lom fikrli, har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib yetishishiga ko‘maklashish, o‘zaro tenglik va belgilangan tartib-qoidalarga itoatkorlik hissini uyg‘otish, ularning salomatliklarini muhofaza qilish uchun shart-sharoit yaratish, o‘quvchilar o‘rtasida cog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirishdan iborat”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlash lozimki, Nizomning 7-bandida o‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozimligi belgilangan.
Bunda O‘zbekiston Respublikasida aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy o‘rta ta’lim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan o‘quvchilarning maktab formasiga turli din va konfessiyalar xamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatilgan.
LiveBarchasi