Maktab qorovuli 11 yoshli qizga tegajog‘lik qildi (video)
3-sahifa
−
02 noyabr 2023
37220Qozog‘istonning Olmaota shahridagi maktabda mast qorovul 11 yoshli qizni o‘pib, unga tegajog‘lik qildi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 28 oktyabr kuni Olmaota shahridagi 160-maktabda spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan 62 yoshli qorovul 11 yoshli o‘quvchi qizga shilqimlik qilib, uni quchoqlab o‘pgan. Kecha, 1 noyabr kuni mazkur maktab hududida to‘plangan ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, ular qizlarini ortiq maktabga yuborishni xohlamaydi.
“Qizim qorovulning yoniga o‘qituvchisiga tegishli bo‘lgan hujjatni topshirish uchun borganida u mast holda o‘tirgan bo‘lgan. Qizimning so‘zlariga ko‘ra, qorovul uni majburlab lablaridan o‘pgan. Men esa uning ustidan shikoyat qilishga qaror qildim, shundan so‘ng qorovulning o‘g‘li masalani tinch yo‘l bilan hal qilishni so‘rab, menga pora ham taklif qildi”, deydi qizning onasi Yuliya Didenko.
Maktab direktorining ma’lum qilishicha, ushbu jinoyatda gumon qilinayotgan erkak bu maktabda 12 yildan buyon ishlayotgan bo‘lgan. Shuningdek, u uzoq yillardan beri alkogolizmdan davolanib kelgan.
“Hammasi tushunarli, biz og‘ir hulqli erkakni ishga qabul qilganimiz va uni shu kungacha bo‘shatmaganimiz, albatta, to‘g‘ri bo‘lmagan. Biroq nega unga shunchaki 15 kunlik intizomiy jazo tayinlandi? Hatto, jinoyat ishi ham qo‘zg‘atilmagan?!” deydi u.
Viloyat politsiyasi qorovulga 15 kunlik ma’muriy qamoq jazosi tayinlanganini tasdiqlagan. Ammo bayonotda jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagani hamda gumondorni mamlakat Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kutayotgani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida maktab o‘quvchisiga tegajog‘lik qilgan 51 yoshli erkak 5 sutkaga qamalgan edi. Shuningdek, joriy yilning 18 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tumani sudida 13 yoshli qizni zo‘rlagan Milliy gvardiyaning sobiq xodimi ustidan sud hukmi o‘qilgandi.
LiveBarchasi