Maktab darsliklari faqat bu yil tekinga beriladi – XTV

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi davlat umumta’lim muassasalari o‘quvchilariga darsliklar faqat bu yil bepul beriladi. Kelgusida bu tartib saqlab qolinishini Hukumat hal qiladi. Bu haqda bugun, 6 sentyabr kuni Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilovning so‘zlariga ko‘ra, bu yil ijara uchun pullar Davlat byudjetidan qoplanadi.

“Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun bor. Qonunni ko‘rsangiz, Kitob jamg‘armasining byudjeti tasdiqlangan. Bu yil 1,1 trln sumga kitob chop etilishi kerak. Shundan 605 mlrd so‘mi davlat byudjetidan yo‘naltiriladi. Qolgani jamg‘arma mablag‘laridan. Qonunchilikka ko‘ra, Jamg‘arma mablag‘lari bu ijara tushumlaridan shakllanadi. Bu yil 500 mlrd ijara tushumidan qoplanishi kerak edi”, deydi Komilov.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, bu yil Prezident tashabbusi bilan aholiga yordam bo‘lishi uchun 500 mlrdga yaqin mablag‘ Davlat byudjetidan yo‘naltiriladi. Bu yengillik faqat joriy o‘quv yili uchun taqdim etilgan. 

Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, kelgusida bu tartib davom etish-etmasligi ishchi guruh tomonidan o‘rganilib, Hukumat tomonidan belgilanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2 sentyabr kuni 2022-2023 o‘quv yili maktab darsliklarning ijara narxi ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, ta’lim tili o‘zbek sinflar uchun darsliklar to‘plamlarining ijara narxlari 108 foizga oshirildi. Ota-onalar va jamoatchilik orasida norozilikni keltirib chiqargan ushbu masala bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi munosabat bildirib, narx oshishini yangi darsliklarning chop etilish harajatlari, xususan dunyo bozorida qog‘oz narxi va qog‘ozni O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha transport harajatlarining keskin oshib ketishi bilan izohladi. 

Kitob ijarasi bo‘yicha noroziliklar Prezidentgacha yetib borishi ortidan, davlat rahbari darsliklarni tekinga berishga ko‘rsatma berdi. Davlat rahbari, shuningdek, maktab darsliklarini sifat jihatidan ham to‘liq tanqidiy ko‘rib chiqishni buyurgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

247

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing