Maksim Shatskix “Paxtakor” bosh murabbiyi bo‘ldi

Sport

image

Maksim Shatskix "Paxtakor" asosiy jamoasi bosh murabbiyi o‘laroq ish boshladi. Bu haqda klub Axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, bugun, 15 iyul kuni "Paxtakor" futbol klubi va Maksim Shatskix o‘rtasida uch yillik shartnomaga imzo chekilgan. 

“Valeriy Lobanovskiy singari mutaxassis qo‘l ostida "Dinamo" Kiyevda o‘ynagan Shatskix zamonaviy futbol bilimlarini yaxshi o‘zlashtirgan. U katta klubda akademiyadan asosiy tarkibgacha bo‘lgan yo‘lni iqtidorlarning tizim asosida bosib o‘tishiga yordamlashgan, yosh va yuqori salohiyatli futbolchilarni tajribali o‘yinchilar bilan uyg‘unlashtirgan holda ishlashni yaxshi o‘zlashtirgan. Maksim Aleksandrovich "Paxtakor" bilan ko‘plab g‘alabalarga erishadi deb umid qilamiz. Uch yillik shartnoma muddati ham klubimizning Shatskix bilan rejalari ulkanligini ko‘rsatadi”, deyiladi klub xabarida.

Ma’lumot uchun, Shatskix futbol bilan shug‘ullanishni "Paxtakor" futbol maktabida boshlagan, professional faoliyatida Kiyevning "Dinamo" klubidagi ajoyib va sermahsul o‘yinlari bilan muxlislar mehrini qozongan. 

U murabbiylik faoliyatini ham ushbu klubda boshlagan. Akademiya jamoalaridan keyin asosiy jamoa murabbiylar shtabida faoliyat yuritgan. Keyinchalik Rossiyaning "Rotor" klubida ishladi. Iyun oyidan beri u "Paxtakor"da sport direktori sifatida ishlab kelayotgan edi. 

Shuningdek, jismoniy tayyorgarlik murabbiyi sifatida ukrainalik Vitaliy Shpanyuk taklif etilgan. 51 yoshli mutaxassis faoliyati davomida Ukrainaning "Kremen", "Arsenal", "Slavutich", "Karpati", "Lvov", "Vorskla" va LNZ, Rossiyaning "Anji", "Rotor", Gruziyaning "Dinamo" Tbilisi klublarida ishlagan. Shuningdek, uch yarim yil davomida Ukraina milliy terma jamoasida ishlagan.

Shatskixga yordamchi sifatida Vyacheslav Belyayev ishlaydi. U Ukrainaning "Tavriya", "Metallist", Gruziyaning "Dinamo" (Tbilisi) va Rossiyaning "Rotor" klublarida faoliyat yuritgan. Mahalliy mutaxassislardan Denis Ivankov (darvozabonlar murabbiyi), Kamoliddin Tojiyev (yordamchi) va Yuriy Siyanov (jismoniy tayyorgarlik) Shatskixga yordam berishda davom etishadi.


Maqola muallifi

Teglar

Paxtakor Maksim Shatskix

Baholaganlar

224

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing