Makron Yevropa xavf ostida ekanini aytdi
Olam
−
11 may
13848Yevropa o‘zini himoya qilish uchun yetarli vositalarga ega emas, u xavf ostida. Bu haqda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron YouTube'dagi kanalida foydalanuvchilarning savollariga javob berayotganida so‘z ochdi.
“Agar xolis nazar bilan qarasak, biz yevropaliklar o‘zimizni himoya qilish uchun yetarli vositalarga ega emasmiz. Shuning uchun, birinchi navbatda, biz harbiy va geosiyosiy jihatdan xavf ostidamiz”, degan Makron.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xavf Ukraina mojarosi bilan bog‘liq bo‘lib, uning ishtirokchilaridan biri Rossiya “yadro quroli va Yevropa hududiga yetib bora oladigan raketalarga ega”. Bundan tashqari, Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Yevropaga tahdid dunyoning hamma joyida – Xitoy, AQSH, Rossiya, yadroviy qurol ishlab chiqarishga harakat qilayotgan Eron va boshqa mamlakatlarda qurol-yarog‘ ko‘paytirish jarayoni kechayotgani bilan bog‘liq.
Ukrainadagi urush haqida to‘xtalar ekan, Makron Yevropa Ittifoqi yaqin haftalarda Kiyevga yordamini kuchaytirishini urg‘uladi.
"Bizning kelajagimiz va xavfsizligimiz Ukrainada xavf ostida. Shuning uchun, men aytganimdek, biz ukrainaliklarga ko‘proq jihozlarni yetkazib berishimiz kerak", deya qo‘shimcha qildi Fransiya rahbari.
Bundan tashqari, Makronning fikricha, agar rossiyaliklar biror nuqtada haddan oshib ketsa, Yevropa ularni tiyib turishga tayyor bo‘lishi kerak.
“Men chin dildan umid qilamanki, biz urushga bormaymiz, Fransiya urush kuchi emas, balki tinchlik kuchi. Lekin, agar biz tinchlikni xohlasak, uni himoya qilishimiz kerak. Shuning uchun biz to‘xtatuvchi bo‘lishimiz va raqiblarimizga nisbatan ishonarli tarzda “agar siz haddan tashqari uzoqqa borib, bizning manfaatlarimiz va o‘z xavfsizligimizga tahdid solsangiz, biz aralashish imkoniyatini istisno qilmaymiz” deya olishimiz kerak”, dedi Makron.
Shuningdek, Makron Yevropa iqtisodiy va texnologik jihatdan xavf ostida, deb hisoblaydi.
“Bugun biz iqtisodiy tanazzul xavfiga duch kelyapmiz. Biz juda ko‘p tartibga solamiz, yetarlicha sarmoya kiritmayapmiz, moliyaviy imkoniyatlarimiz yetarli emas”, deydi davlat rahbari.
U so‘nggi 30 yil ichida Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotining o‘sishi AQSHga qaraganda ikki barobar sekinroq bo‘lganiga e’tibor qaratdi. Shuning uchun, Makron iqtisodiyotni karbonsizlantirishni jadallashtirish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni taklif qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya rahbari aprel oyi oxirida Sorbonnada so‘zlagan nutqi chog‘ida Yevropa “o‘lishi” mumkinligidan ogohlantirgan edi. Shu bilan birga, u Yevropa Ittifoqi “AQSHning vassali” bo‘lmasligi kerakligini aytgan va qit’ada yangi xavfsizlik strategiyasini muhokama qilish niyati haqida gapirgandi.
LiveBarchasi