Makron yadroviy kallaklar sonini oshirishni buyurdi
Olam
−
02 mart 1901 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Britaniya sohillariga yaqin Bretan hududidagi ballistik raketa tashuvchi suvosti kemalari bazasidan turib mamlakat yadroviy jangovar kallaklari sonini oshirishni buyurdi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
U “Fransiyaning hayotiy manfaatlari tahdid ostida qolsa, hech qachon ikkilanmasligini” ta’kidlagan va zarurat tug‘ilsa, Yevropa ittifoqchilari bilan birgalikda “vaziyatga qarab joylashtirish” amalga oshirilishini bildirgan.
“Biz yadroviy arsenalimiz hajmini endi oshkor qilmaymiz”, degan yetakchi.
Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) hisobotiga ko‘ra, Fransiyada taxminan 290 ta yadroviy jangovar kallak mavjud. Makron nutqi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Eron atrofida avj olayotgan mojarolar fonida Yevropa xavfsizligi keskin sinovdan o‘tayotgan pallada yangragan.
“Ilg‘or tiyib turish” – NATOga qo‘shimcha qavat
Makron 45 daqiqalik murojaatida “ilg‘or yadroviy tiyib turish strategiyasi”ni bosqichma-bosqich joriy etish rejasini taqdim etgan. Unga ko‘ra, bu tashabbus NATOga muqobil emas, balki strategik va texnik jihatdan uni to‘ldiruvchi Yevropa qavati bo‘ladi. Fransiya strategik imkoniyatlarini Yevropa hududi bo‘ylab mashqlar va vaqtinchalik joylashtirishlar orqali kengaytirishi mumkin.
Prezidentning aytishicha, sakkizta Yevropa davlati dasturga qiziqish bildirgan: Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Nederlandiya, Belgiya, Gretsiya, Shvetsiya va Daniya. Ularning ayrimlari Fransiya harbiy-havo kuchlarining strategik aviatuzilmalarini qabul qilishi mumkin.
Suveren qaror: “So‘nggi tugma” muhokama qilinmaydi
Makron eng keskin nuqtani ham ochiq aytgan: “So‘nggi qaror muhokama qilinmaydi”. Ya’ni yadroviy qurol qo‘llash masalasida Fransiya suveren baholash huquqini saqlab qoladi. Shu bilan birga, Parij, London va Berlin juda uzoq masofali raketalar loyihalari ustida hamkorlik qilishini urg‘ulagan. Bu tashabbus 2024 yilda ishga tushirilgan Yevropa uzoq masofali zarba yondashuvi doirasida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, 2036 yilda xizmatga tushishi rejalashtirilgan yangi ballistik raketa tashuvchi suvosti kemasi “Invincible” deb nomlanadi. Fransiya — Yevropa Ittifoqidagi yagona yadroviy davlat. Shu bois Parijning bu qadami qit’a poytaxtlarida diqqat bilan kuzatilmoqda.
Jahonda yadroviy qurolga ega deb hisoblanadigan to‘qqiz davlat bor: Rossiya, AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Xindiston, Isroil va Shimoliy Koreya. Ulardan faqat birinchi beshtasi Yadroviy qurolni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma doirasida rasman tan olingan.
Live
Barchasi