Makron Ukrainaga Fransiya qo‘shinlarini kiritish ehtimolini istisno etmadi
Olam
−
27 fevral
7837Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukraina hududiga Fransiya quruqlikdagi qo‘shinlari kiritilishi mumkinligini inkor etmadi. Bu haqda u kecha, 26 fevral kuni kechqurun Parijda Ukrainaga yordam bo‘yicha konferensiya yakunida so‘z ochdi.
“Bugungi kunda quruqlikdagi qo‘shinlarni Ukrainaga rasman yuborish masalasida konsensus yo‘q, ammo dinamik rivojlanishda hech narsani inkor etib bo‘lmaydi”, degan Makron.
Fransiya Prezidenti Rossiyaning bu urushda g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma narsa qilinishiga ishontirgan. Makron Ukraina uchun ko‘proq qurol-yarog‘ va resurslar berishga chaqirgan.
Yigirmaga yaqin davlat va hukumat rahbarlari, jumladan, Kanada va AQSH vakillari ishtirok etgan konferensiya boshlanishidan oldin gapirgan Fransiya Prezidenti bugungi kunda barchaning xavfsizligi “tahdid ostida” ekanini ta’kidlagan.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, Parijdagi konferensiyada Ukrainani o‘rta va uzoq masofaga uchuvchi raketalar, shuningdek, qisqa muddatda Yevropa va uchinchi davlatlardan boshqa o‘q-dorilar bilan ta’minlashi kerak bo‘lgan koalitsiya tuzishga qaror qilingan. Bundan tashqari, kibermudofaa, birgalikda qurol ishlab chiqarish va Rossiyaning Ukrainadagi hujumi bilan bevosita tahdid solinayotgan mamlakatlarni, xususan, Moldovani himoya qilish bo‘yicha tashabbuslar kelishib olingan.
Parijdagi uchrashuv yakunida Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala 15 ga yaqin davlat Praganing uchinchi davlatlardan artilleriya o‘q-dorilarini xarid qilish va Ukrainaga qayta import qilish tashabbusiga qiziqish bildirganini aytdi. Xususan, Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryutte unda ishtirok etishga va 100 million yevro berishga tayyor ekanini bildirgan.
Slovakiya Bosh vaziri Robert Fiko Makron tomonidan chaqirilgan konferensiya uchun Parijga jo‘nab ketishdan oldin Bratislavada so‘zlagan nutqida, ba’zi G‘arb davlatlari o‘z askarlarini ikki tomonlama shartnomalar asosida Ukraina hududiga yuborishni ko‘rib chiqayotganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gap “bir nechta davlatlar – NATO va YeI a’zolari” haqida ketmoqda. Biroq Fiko aynan qaysi davlatlar Ukrainaga qo‘shin kiritmoqchiligini ochiqlamadi.
LiveBarchasi