Makron Ukrainadagi urushni tugatishning yo‘lini aytdi

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan bevosita aloqada ekanini ma’lum qildi. U bu haqda Amerika Qo‘shma Shtatlarining CBS telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

“Men Prezident Putin bilan muntazam muzokaralar olib boraman va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘laman. Chunki o‘zaro aloqani davom ettirishning eng yaxshi yo‘li bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa kanalini saqlab qolishdir”, degan Makron.

Uning ta’kidlashicha, hozirgi vaziyatda izolyatsiya qilish eng yomon variant hisoblanadi. Shuningdek, Fransiya yetakchisi urushni tugatishning yagona yo‘li muzokara o‘tkazish ekanini iddao qildi.

“Ukrainaliklar urushni tugatish borasida o‘zlari qaror qabul qilishi kerak. Biroq, vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li — muzokaralar. Men hech qanday harbiy variantni ko‘rmayapman", degan u.

Makron Rossiya va Ukraina rasmiylari bilan norasmiy muloqotlar olib boryapsizmi, degan savolga keskin javob berdi. Ya’ni u hech qanday norasmiy muzokaralarda ishtirok etmaydi.

“Men hech qachon norasmiy jarayonlarda ishtirok etmayman. Men har doim o‘z harakatlarim haqida hisobot beraman. Prezident Putin bilan har safar gaplashganimda buni oshkora aytib turaman. Vladimir Zelenskiy bilan gaplashsam, buni ham ma’lum qilaman”, degan Emmanuel Makron.

Fransiya Prezidenti AQSHga davlat tashrifi yakunlanganidan so‘ng Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilishini tasdiqlagan. Makron Putin bilan bir qator masalalar haqida gaplashib olmoqchi. Shuningdek, u Zaporoje AES atrofidagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tmoqchi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Vladimir Zelenskiy Emmanuel' Makron

Baholaganlar

599

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing