Makron Ukraina masalasini gaplashib olish uchun Moskvaga keldi. Uchrashuvdan Kreml katta natija kutmayapti

Olam

image

Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron bugun, 7 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan Ukraina masalasida muloqot qilish uchun Moskvaga yetib keldi. Aeroportdan Prezident Makron to‘g‘ri Putinning saroyiga yo‘l oldi. 

Fransiya Senatining tashqi ishlar, mudofaa va qurolli kuchlar komissiyasi rahbari Kristian Kambon Prezident Emmanuel Makronning Rossiyaga safari Ukraina atrofidagi inqirozni hal qilishga xizmat qilishiga umid bildirmoqda.  

"Bu missiya aniq natijalar berishi kerak. Ayni damda biz harbiy tayyorgarlik davom etayotganini ko‘ryapmiz va vaziyat xavfliligicha qolmoqda”, deydi Kambon Parlamentning " Public Sénat" telekanali efirida.

Kambon “Prezident Makron o‘z muddatining boshidanoq Rossiya bilan muloqotni davom ettirish tarafdori bo‘lganini” eslatdi. 

"Biz Senatda ham doim Rossiya bilan muloqotni davom ettirish zarurligiga amin bo‘lganmiz. Muloqotga yordam beradigan barcha narsa, bizning nuqtai nazarimizdan ijobiydir", deydi fransuz senatori. 

Uning qayd etishicha, 8 fevral kuni Fransiya prezidenti diplomatik missiyasi doirasida Kiyevga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. 

“Ukraina ham kelishuvga erishish uchun o‘z tarafidan choralar ko‘rishi kerak”, deydi Kambon. 

Kreml esa Rossiya va Fransiya Prezidentlari o‘rtasida o‘tadigan muzokaralaridan so‘ng, Ukraina atrofidagi vaziyatda burilish nuqtasi bo‘lishini kutmayapti. Bu haqda jurnalistlarga Rossiya davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilgan.

“Albatta, vaziyat juda murakkab, bir uchrashuv davomida hal qiluvchi o‘zgarishlarni kutish mumkin emas”, deydi Kreml matbuot kotibi. 

Shu bois u Kreml Putin va Makron o‘rtasidagi muzokaralar burilish nuqtasi bo‘lishini va G‘arbning Ukrainadagi vaziyat haqidagi xavotirlarini yo‘q qilishini tan oladimi,  degan savolga javob berdi.

“Biz bilamiz va Makronning o‘zi bu haqda Putinga ma’lum qilganidek, u Yevropadagi keskinlikni bartaraf etishning mumkin bo‘lgan variantlarini topish uchun ma’lum g‘oyalar bilan kelyapti va bu g‘oyalarni Putin bilan baham ko‘rish niyatida. Keling, bugungi uchrashuv natijalarini kutamiz va Prezidentlar matbuot anjumani davomida ularga qanday baho berishlarini tinglaymiz", deya taxminlarga berilmaslikni taklif qilgan Peskov. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi “Fransiya Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlaridan biri” ekani va “Emmanuel Makron hozirda Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan mamlakatni boshqarayotgani”ga e’tibor qaratib, “bu juda muhim” ekanini e’tirof etdi. 

"Bu juda muhim tashrif. Shubhasiz, Yevropada Ukraina atrofidagi vaziyat bilan bog‘liq keskinlik mavzusi, Rossiya Federatsiyasi uchun xavfsizlik kafolatlari mavzusi – ana shu asosiy muammolar bilan bog‘liq bo‘lgan hamma narsa ustunlik qiladi", deydi matbuot kotibi. 

Uning eslashicha, rahbarlarning shaxsiy muloqoti oldidan uchta telefon suhbati bo‘lib o‘tgan.  

"Shuning uchun biz vaqt va mazmun jihatidan juda mazmunli va uzoq davom etadigan muhokamani kutmoqdamiz", deya bashorat qilmoqda Peskov. 

Unga ko‘ra, “Shimoliy oqim 2” mavzusi va gaz masalalari Rossiya va Fransiya prezidentlari o‘rtasidagi muzokaralarda markaziy o‘rin tuta olmaydi, biroq ularni eslatib o‘tish mumkin.

"Shimoliy oqim 2” ga kelsak, bu muhokama uchun markaziy mavzu bo‘la olmaydi, lekin agar u qandaydir tarzda tilga olinsa, ha. Lekin bu markaziy mavzuga aylanishi dargumon", deydi u. 

Peskovning aniqlik kiritishicha, Putin va Makron o‘rtasidagi uchrashuv Moskva vaqti bilan taxminan 17:00 ga rejalashtirilgan, suhbatdan keyingi matbuot anjumani Moskva vaqti bilan soat 19:00 dan keyin, “Prezidentlar suhbatini tugatganidan so‘ng” o‘tkazilishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, 5 fevral kuni Rossiya agressiyasiga qarshi oldindan ko‘rilgan chora sifatida AQSH Polshaga rasman o‘z qo‘shinlarini kiritdi.

So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa, boshqa tomonda harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi. 

Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta Jevelin tankka qarshi o‘tochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan. 

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan. 

Boshqa tomondan Rossiya, Ukraina bahonasida “burni tagiga” tiqilib olayotgan NATOning Sharqiy Yevropa tomon siljib kelishini qoralab, unga qarshi o‘z hududi va Belarusning Ukraina bilan chegaradosh yerlarida 100 000 dan ortiq qo‘shin va harbiy texnikalar to‘plagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

105

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing