Makron Rossiya bilan aloqa qilishdan oldin “obdan o‘ylash”ga chaqirdi

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron NATOning Gaaga shahridagi sammiti doirasida Yevropani Rossiya bilan kelajakda muloqot qilishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda Fransiya rahbari jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z ochdi.

Uning ta’kidlashicha, Yevropa mamlakatlari doimiy ziddiyat holatida yashashi mumkin emas. Hozirda Rossiyadan qurollanish darajasi jihatidan orqada qolayotgan Yevropa o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun qurollanishi kerak, lekin shu bilan birga kelajakdagi xavfsizlik arxitekturasi, yashash sharoitlari va Rossiya bilan qanday dialog olib borilishi haqida o‘ylab qo‘yish lozim.

Uning fikricha, bu xavfsizlik kafolatlari, xuddi sovuq urush davridagidek, qurol-yarog‘ tarqalishini va qurollanish hajmini cheklashni o‘z ichiga olishi kerak.

“Shuning uchun biz hammamiz o‘zimizni himoya qilish uchun qanday chegaragacha borishga tayyormiz va Rossiya bilan qanday shartlarda muloqot olib borishimiz mumkinligi haqida qayta o‘ylab ko‘rishimiz zarur”, degan Fransiya rahbari.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa Rossiyaning NATOga hujum qilish niyati borligi haqidagi da’volarni “butkul yolg‘on” deb atagan. Kremlga ko‘ra, NATO davlatlari ichki birdamlikni saqlab qolish va harbiy byudjetlarni oqlash maqsadida Rossiyani “monster” (vahshiy dushman) sifatida ko‘rsatishga urinmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa global xavfsizlik tizimining buzilishi uchun NATO siyosatini aybladi. U AQSHni bir nechta yadro va raketa nazorati bo‘yicha xalqaro shartnomalardan chiqishda ayblab, ularning harakatlari strategik barqarorlikka katta zarar yetkazganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Tehronni AQSHning Eron yadroviy inshootlariga bergan zarbasidan so‘ng vaziyatni pasaytirishga va muloqotga qaytishga chaqirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Emmanuel' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing