Makron Pashinyan bilan jo‘rlikda qo‘shiq kuyladi (video)
Olam
−
13:52 2319 1 daqiqa
Kecha, 4 may kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Armanistonga tashrifi davomida mamlakat Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan jo‘rlikda mashhur xonanda Sharl Aznavurning qo‘shig‘ini ijro etdi. Bu haqdagi lavhalarni “Franceinfo” telekanali e’lon qildi.
Video Yerevandagi davlat ziyofati paytida suratga olingan. Unda Fransiya yetakchisi qo‘lida mikrofon bilan royal yonida o‘tirgani, royalni esa armanistonlik musiqachi va bastakor Vaagn Ayrapetyan chalayotgani aks etgan. Shu bilan birga, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ularga barabanda jo‘r bo‘lgan.
Siyosatchilar “Bogema” (La Bohème) qo‘shig‘ini ijro etgan. Tadbirning boshqa ishtirokchilari jarayonni chetdan kuzatib, ularning chiqishini telefonda suratga olgan. Armaniston Prezidenti Vaagn Xachaturyan esa fransiyalik mavqedoshining ortida turib, voqeani tabassum bilan kuzatib turgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 4–5 may kunlari Yerevanda Yevropa siyosiy hamjamiyati (YeSH) sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda 50 ta davlatdan delegatsiyalar ishtirok etmoqda: nafaqat Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar yetakchilari, balki mintaqaviy hamjamiyat hamkor davlatlari vakillari ham tashrif buyurgan. Sammitning asosiy mavzusi Armaniston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nikol Pashinyan musiqachi sifatida o‘zining shaxsiy guruhi bilan sahnada debyut qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi