Makron Nitssadagi hujumga munosabat bildirdi
Olam
−
30 Oktabr 2020
13395Kecha, 29 oktyabr kuni pichoq bilan qurollangan shaxs Nitssa shahridagi cherkov yonida odamlarga hujum qilib, uch kishini o‘ldirganidan so‘ng Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron xalqqa murojaat bilan chiqdi.
Fransiya rahbarining ta’kidlashicha, mamlakat yana “islomiy terroristik hujumga” duch kelgan.
“Nitssadagi Notr-Dam cherkovi yonida bizning uch nafar fuqaromiz halok bo‘ldi”, deydi Prezident.
U hujumdan bir necha soat o‘tgach Nitssaga yetib kelgan. Makronga Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen va Adliya vaziri Erik Dyupon-Moretti hamrohlik qilgan.
Prezident shuningdek, payshanba kuni Saudiya Arabistonidagi Fransiya konsulligiga hujum bo‘lganini aytib o‘tdi. Makron butun millat, katoliklar, shuningdek, Nitssa aholisiga hamdardlik bildirdi.
“2016 yil yozida Amel ota o‘ldirilganidan so‘ng mamlakatimizda katoliklar yana Barcha avliyolar kunidan oldin hujumga uchradi. Mamlakatimizda dinga e’tiqod qilish erkin bo‘lmaguncha butun Fransiya katoliklar tomonda va ular bilan turishda davom etadi. Biz o‘z qadriyatlarimizga, o‘z yerimizdagi erkin e’tiqod imkoniyatiga ega bo‘lganimiz va hech qanday terror ruhiga berilmasligimiz uchungina yana hujumga uchradik. Bugun yana bir bor aniq aytmoqchiman: biz taslim bo‘lmaymiz”, degan Makron.
Prezident so‘nggi voqealar fonida mamlakatda xavfsizlik choralari kuchaytirilishini e’lon qildi. Xususan, Barcha avliyolar kuni (1 noyabr – tahr.) oldidan hokimiyat cherkovlar uchun, ta’tildan keyin esa maktablar uchun qo‘shimcha himoya tashkil qiladi.
Bundan tashqari, davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda qo‘shimcha harbiy xizmatchilar safarbar qilinadi: “Sentinelle” aksilterror operatsiyasi doirasida ularning soni uchdan yetti mingga ko‘payadi.
Fransiyaning aksilterror prokuraturasi rahbari Jan-Fransua Rikar Nitssa shahrida qurolli hujum uyushtirgan erkakning yonidan topilgan buyumlar haqida ma’lumot berdi.
“Nitssadagi Notr-Dam cherkoviga hujum qilgan shaxsdan pichoq, Qur’on kitobi va ikkita mobil telefon topildi”, deydi Fransiyaning aksilterror prokuraturasi rahbari Jan-Fransua Rikar.
Cherkov ichida qotil qoldirgan sumka topilgan. Uning yonida ikkita pichoq yotar bo‘lgan. Ammo ular qotillik uchun ishlatilmagan.
Ma’lumot o‘rnida, Fransiyaning aksilterror prokuraturasi rahbari Jan-Fransua Rikar Nitssa shahrida qurolli hujum uyushtirgan erkak asli tunislik bo‘lib chiqganini aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 oktyabr kuni Nitssa shahridagi Notr-Dam nomli mahalliy cherkov yonida pichoq bilan qurollangan kishi odamlarga hujum qildi. Oqibatda uch kishi qurbon bo‘ldi. Ular orasida cherkov ruhoniysi ham bor. Qurol bilan tajovuz qilgan shaxs qo‘lga olingan.
Bundan tashqari, bugun Saudiya Arabistonining Jidda shahrida mahalliy aholi Fransiya konsulligi qo‘riqchisiga pichoq bilan hujum qilgan. Politsiya hujum qilgan shaxsni jinoyat joyida hibsga olgan.
LiveBarchasi