Makron Navalnaya bilan uchrashdi

Olam

image

Rossiyadagi qamoqxonada vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya kecha, 31 may kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi. Bu haqda uning o‘zi bugun, 1 iyun kuni Instagram'dagi sahifasida ma’lum qildi.

Uning yozishicha, muhokama mavzularidan biri Rossiyadagi siyosiy mahbuslar bilan bog‘liq vaziyat bo‘lgan.

“Fransiyaning Putin va uning diktaturasiga qarshi kurashda Rossiyada va undan tashqarida fuqarolik jamiyatiga qanday yordam berishi mumkinligi haqida gaplashdik. Men undan (Emmanuel Makron) minnatdorman, u Rossiyada urushga qarshi bo‘lganlar ko‘p ekani, ular yordam va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj ekanini tushunadi”, deb yozgan Navalnaya.

Muxolifatdagi siyosatchining bevasining so‘zlariga ko‘ra, u Fransiya davlati rahbari bilan eri haqida ham gaplashgan.

"Bu yaxshi, uzoq va juda shaxsiy suhbat bo‘ldi", deb xulosa qildi Yuliya Navalnaya.

“Kommersant” gazetasining yozishicha, uchrashuvda Aleksey Navalniyning ittifoqchisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi tergov bo‘limi rahbari Mariya Pevchix ham ishtirok etgan.

Fransiya Prezidenti Yuliya Navalnayani qabul qilgan Yelisey saroyi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Emmanuel Makron “Navalniy xotirasi, korrupsiyaga qarshi hamda so‘z erkinligi uchun kurashgan jasoratiga hurmat bajo keltirgan”.

Shuningdek, u Yuliya Navalnaya bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi faoliyatini muhokama qildi va Fransiya barcha huquq himoyachilarini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.

Navalniy 16 fevral kuni Yamalo-Nanets avtonom okrugidagi Xarp qishlog‘idagi 3-sonli "Qutb bo‘risi" koloniyasida vafot etganidan so‘ng, Yuliya Navalnaya uning ishini davom ettirishini aytdi. Makron bilan uchrashuv uning so‘nggi oylarda G‘arb mamlakatlari davlat rahbarlari va hukumat a’zolari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari seriyasining birinchisi emas.

28 may kuni u Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorski bilan, 15 aprel kuni esa Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron bilan uchrashdi. Aleksey Navalniy vafotidan ko‘p o‘tmay, 2024 yil fevral oyida AQSH Prezidenti Jo Bayden San-Fransiskoda uning bevasi Yuliya va qizi Dariya bilan uchrashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Frantsiya Emmanuel' Makron Aleksey Naval'niy Yuliya Naval'naya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made