Makron Mirziyoyevni Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi

Jamiyat

image

Bugun, 30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Suhbat avvalida Fransiya Prezidenti davlat rahbari va ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 30 yilligi bilan dildan qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, katta muvaffaqiyatlar va ravnaq tiladi.

Yetakchilar O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarining amaliy jihatlarini ko‘rib chiqdilar, xususan, 2018 yil oktyabr oyida Parij shahridagi sammitda erishilgan kelishuvlarga muvofiq “yo‘l xaritalari”nining bajarilishini muhokama qildilar.

Bugungi kunda Fransiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qazib chiqarish, energetika, sanoat, transport va kommunikatsiyalar sohalari, kommunal xo‘jalikni modernizatsiya qilish, turizm klasterlarini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda ustuvor loyihalar amalga oshirilmoqda. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan moliyaviy-texnik hamkorlik bo‘yicha uzoq muddatli dastur qabul qilingan.

Birgalikdagi tashabbuslarni ilgari surish maqsadida joriy yil may oyida Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va Fransiya ishbilarmonlarining nufuzli delegatsiyasi ishtirokida biznes forumi o‘tkazildi.

Bir qator qo‘shma madaniy tadbirlarni yuksak darajada o‘tkazish, shu jumladan kelgusi yilning birinchi yarmida Luvr muzeyida mamlakatning boy madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani tashkil etishga kelishib olindi.

Prezidentlar Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy ahvolning keskinlashishi ta’sirida mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashdilar. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va almashinuvlarni faollashtirish muhim ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Fransiya yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ishchan va do‘stona ruhda o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan kuni yaqinlashgan sari ko‘plab xalqaro hamkor va sherik davlatlar Prezidentga qo‘ng‘irok qilib, butun mamlakatni Mustaqillik bayrami bilan tabriklamoqda. Jumladan, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko hamda Abu Dabi valiahdi Muhammad Al-Nahayon, allaqachon, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga o‘z samimiy tilak va tabriklarini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

12

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing