Makron Luvr muzeyi direktoriga iste’fo berdi
Olam
−
08:27 1651 3 daqiqa
Talonchilik, suv toshqini va soxta chiptalar mojarosi ortidan Luvr direktori Lorans de Kar lavozimidan ketdi. Bu haqda Yelisey saroyi matbuot xizmati xabar berdi.
Unda aytilishicha, de Kar Prezidentga Luvr direktori lavozimidan ketish haqidagi arizasini topshirgan. Davlat rahbari uni qabul qilgan va bu qarorni mas’uliyatli qadam sifatida baholagan. Ta’kidlanishicha, dunyodagi eng yirik muzeyga ayni paytda xotirjamlik va xavfsizlik hamda modernizatsiya bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish uchun yangi turtki zarur. Shuningdek, “Luvr – yangi uyg‘onish” loyihasi ham davom ettirilishi kerak.
“Luvr – yangi uyg‘onish” – Parijdagi Luvrni rekonstruksiya qilishga qaratilgan keng qamrovli loyiha bo‘lib, muzeyda yig‘ilib qolgan muammolarni hal etishni ko‘zda tutadi. Rejaga ko‘ra, zallardagi haddan tashqari gavjumlikni kamaytirish, binoga va san’at asarlariga zarar yetkazayotgan suv sizib chiqishlarini bartaraf etish, kolonada tomondan yangi kirish qismini barpo etish (buning uchun atrofdagi maydon to‘liq qayta quriladi), shuningdek, Mona Liza uchun alohida maxsus zal qurish ko‘zda tutilgan.
Makron de Karga mehnati va fidoyiligi uchun minnatdorlik bildirib, unga Fransiyaning G7 doirasidagi raisligi vaqtida manfaatdor davlatlarning yirik muzeylari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha maxsus missiya topshirishni rejalashtirayotganini aytgan.
Prezident de Karni 2021 yilda Luvr direktori etib tayinlagan edi. De Kar Luvr tarixida ushbu lavozimni egallagan ilk ayol bo‘ldi.
So‘nggi yillarda Luvr bir necha bor mojaro markazida qoldi. Eng shov-shuvlisi 2025 yilning 19 oktyabrdagi talonchilik bo‘ldi. Jinoyatchilar qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bir necha ming zargarlik buyumlarini olib chiqib ketgan. O‘g‘irlangan boyliklarning umumiy qiymati 88 million yevroga baholangan. Muzeydan 8 482 ta brilliant, 35 ta zumrad, 34 ta safir va 212 ta marvarid yo‘qolgan. Talonchilik taxminan to‘rt daqiqa davom etgan.
O‘g‘rilar quyidagi buyumlarni olib ketgan: imperator Napoleonning ikkinchi rafiqasi Mariya-Luiza kolleksiyasidan marjon va sirg‘alar; qirolicha Mariya-Amaliya (1830–1848) hamda Gollandiya qirolichasi Gortensiya de Bogarne kolleksiyalaridan uchta zargarlik buyumi (marjon, sirg‘a va tiara); imperatrisa Yevgeniya kolleksiyasidan to‘rtta buyum – ikki dona brosh, ko‘ylak uchun bant va tiara.
Tergovga ko‘ra, jinoyatda kamida to‘rt kishi qatnashgan. Ular Apollon galereyasiga kirib, qirollik va imperatorlik kolleksiyalariga mansub to‘qqizta tarixiy zargarlik buyumini olib chiqib ketgan.
Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, muzey rahbariyati yillar davomida ogohlantirishlarni e’tiborsiz qoldirgan. Xususan, 2019 yilda Van Cleef & Arpels zargarlik uyi ekspertlari audit o‘tkazib, keyinchalik jinoyatchilar foydalangan aynan o‘sha balkon himoyasi zaifligini ko‘rsatgan va xavfsizlikni kuchaytirishni tavsiya qilgan. Biroq bu tavsiyalar bajarilmagan. Talonchilikdan so‘ng de Kar o‘ziga iste’fo bergan, ammo o‘shanda uning arizasi qabul qilinmagan.
Muzey binosining holati ham ko‘plab savollarni keltirib chiqaradi. Zallarda vaqti-vaqti bilan suv sizib chiqish holatlari qayd etiladi. Oxirgi marta 12 fevraldan 13 fevralga o‘tar kechasi suv toshqini yuz bergan – XV–XVI asr asarlari namoyish etilayotgan zalga suv kirgan.
Suv toshqini oqibatida fransuz rassomi Sharl Meyne tomonidan chizilgan “Fransuz rassomchiligi tantanasi: Pussen, Lesyuyer va Le Bryunning apofeozi” nomli shift kartinasi zarar ko‘rgan. Asarda ikkita mikro yoriq va bo‘yoq qatlamining qisman ko‘chishi aniqlangan.
Fevral boshida esa politsiya Luvrga soxta chiptalar sotish va ekskursiyalarni qayta bron qilish bilan bog‘liq firibgarlik sxemasini fosh etgan. Muzeyga yetkazilgan zarar 10 million yevrodan ortiq deb baholangan. Tergovga ko‘ra, sxema qariyb o‘n yil davomida ishlagan va har kuni 20 tagacha guruhga xizmat ko‘rsatgan.
Muzey ma’muriyati tekshiruv 2024 yil dekabrida Luvrning shikoyatidan so‘ng boshlanganini bildirgan. Dastlab bir juft xitoylik gid gumon ostiga olingan – ular Xitoydan kelgan sayyohlar guruhlarini bir xil chiptalar bilan bir necha bor kiritgan. Keyinchalik boshqa gidlar ham shunga o‘xshash harakatlarda gumon qilingan.
Live
Barchasi