Makron inauguratsiyadan keyin birinchi qaysi davlatga borishi aniq bo‘ldi
Olam
−
05 may 2022
9068Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron joriy yilning 9 may kuni Berlinga tashrif buyurib, Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Yelisey saroyi ma’lum qildi.
“Fransiya Prezidentining inauguratsiyasidan keyingi birinchi tashrifi Berlinga bo‘ladi, bu Fransiya-Germaniya munosabatlari mustahkamligini yana bir bor ta’kidlaydi”, deyilgan ikkinchi muddatga saylangan Makron ma’muriyati xabarida.
Bayonotda aytilishicha, Prezident va kansler, xususan, Ukrainadagi vaziyat va “Yevropa suvereniteti uchun muammolar”ga oid masalalarni muhokama qiladi. Xabarda qayd etilishicha, uchrashuv chog‘ida energetika va Yevropa xavfsizligi masalalariga ham to‘xtalib o‘tish rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Makron joriy yil 10 va 24 aprel kunlari ikki turda bo‘lib o‘tgan saylovlarda ikkinchi muddatga Fransiya Prezidenti etib saylandi. Davlat rahbarining inauguratsiyasi 7 may kuni bo‘lib o‘tadi.