Makron Mirage 2000 qiruvchi samolyotlarini Kiyevga topshirishga va’da berdi
Olam
−
07 iyun 2024 5920 2 daqiqa
Fransiya Ukrainaga bir qator modernizatsiya qilingan Mirage 2000-5 ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotlarni taqdim qilmoqchi. Bu haqda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kecha, 6 iyun kuni Fransiyaning TF1 va "France 2" telekanallariga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Ular Ukrainaga o‘z hududi va havo hududini himoya qilishga imkon beradi", deydi Makron.
U ukrainalik uchuvchilar 2024 yil oxirigacha Mirage'ga o‘tish uchun Fransiyada tayyorgarlikdan o‘tishlari mumkinligiga aniqlik kiritdi. Fransiya Prezidenti hozircha jangchilarning aniq sonini ma’lum qilgani yo‘q.
Bundan tashqari, Makron yana 4500 nafar ukrainalik harbiyni Fransiyada o‘qitishga va’da berdi. U, shuningdek, Ukrainaga fransuz harbiy instruktorlarini yuborishga tayyorligini tasdiqladi.
"Biz jangovar zonada askarlarni tayyorlash haqida gapirmayapmiz, shuning uchun bu eskalatsiyani anglatmaydi. Biz barcha hamkorlarimiz bilan ishlayapmiz va jamoaviy koalitsiya sifatida qaror qabul qilamiz", deydi u.
Emmanuel Makron bugun, 7 iyun kuni tushdan keyin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan Yelisey saroyida uchrashadi. Zelenskiy Fransiya Mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu bilan ham uchrashib, bir qancha kelishuvlarni imzolaydi.
AFP xabariga ko‘ra, Fransiya ham Ukrainaning urush paytida Rossiya tomonidan vayron qilingan infratuzilmasini tiklash uchun kredit va xayriya ko‘rinishida 650 million yevro ajratmoqchi. Bundan tashqari, Franko-Germaniya mudofaa kompaniyasi KNDS Ukrainada o‘z filialini ochishni rejalashtirmoqda.
Fransiya harbiy-havo kuchlarining asosiy jangovar samolyoti Mirage 1970 yillarda Dassault Aviation tomonidan ishlab chiqilgan to‘rtinchi avlod ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotdir. Fransiyadan tashqari, 1984 yildan beri u Osiyo, Yevropa va Lotin Amerikasidagi bir qancha mamlakatlarda xizmat ko‘rsatmoqda. DPA agentligiga ko‘ra, eskirib qolgan Mirage samolyotlari asta-sekin yangi Rafales bilan almashtirilmoqda.
Ukrainaga yetkazilishi rejalashtirilgan Mirage 2000-5 versiyasi 1990 yillarda eng yaxshilaridan biri hisoblangan. Mirage'ni Ukrainaga topshirish bo‘yicha munozaralar 2023 yilda bo‘lib o‘tgan, ammo Ukraina Harbiy-havo kuchlari vakillari asosan Amerika F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berishga e’tibor qaratgan.
Live
Barchasi