Makkaga kirish qoidalari qat’iylashtirildi
Olam
−
16 aprel 4450 2 daqiqa
Saudiya Arabistoni 2026 yilgi Haj mavsumi oldidan Makka shahriga kirish qoidalarini sezilarli darajada kuchaytirdi. Bu haqda “Saudi Press Agency” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil may oyi oxirida Haj mavsumi boshlanadi va ikki millionga yaqin ziyoratchi Saudiyaga borishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan mamlakat Ichki ishlar vazirligi xavfsizlikni ta’minlash va ziyoratni tartibli o‘tkazish maqsadida bir qator yangi cheklovlarni joriy etdi.
Xususan, joriy yil 13 apreldan boshlab Makkaga kirmoqchi bo‘lgan barcha shaxslar tegishli rasmiy idoralardan maxsus ruxsatnoma olishlari shart. Ruxsatnomasiz kirish taqiqlanadi. Bundan mustasno bo‘lgan toifalar: Makka aholisi, Haj ruxsatnomasiga ega ziyoratchilar hamda muqaddas qadamjolarda ishlash uchun elektron ruxsatnomasi bor shaxslar. Bunday ruxsatnomalar “Absher Individuals” platformasi va “Muqeem” portali orqali rasmiylashtiriladi.
Umra vizasi bilan borganlar uchun Saudiya Arabistonidan chiqib ketish muddati 18 aprelgacha etib belgilangan. “Nusuk” platformasi orqali Umra ruxsatnomalarini berish joriy yil 18 apreldan 31 maygacha vaqtincha to‘xtatiladi. Bu cheklov Saudiya Arabistoni, Fors ko‘rfazi davlatlari fuqarolari, rezidentlar va boshqa viza egalariga tegishli. Shuningdek, 18 apreldan boshlab har qanday turdagi viza egalariga Makkaga kirish yoki u yerda qolish taqiqlanadi. Bundan faqat Haj vizasi egalari mustasno.
Vazirlik qonunbuzarlarga nisbatan qonunchilikka muvofiq qat’iy choralar ko‘rilishini alohida ta’kidlagan. Xususan, ruxsatsiz Haj qilishga urinish uchun taxminan 5 ming dollar atrofida jarima belgilangan. Noqonuniy olib kirish yoki yordam berish holatlarida jarima 26 ming dollargacha yetishi mumkin. Shuningdek, qonunbuzarlar deportatsiya qilinadi va 10 yilgacha Saudiyaga kirishi taqiqlanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham Haj bilan bog‘liq firibgarlik e’lonlari ko‘payganidan ogohlantirdi. Rasmiy bo‘lmagan kanallar orqali amalga oshiriladigan safarlar noqonuniy hisoblanadi. Bunday holatlar Mino, Arafot va Muzdalifada ibodatlarni ado etish imkoniyatini cheklabgina qolmay, balki deportatsiya va yirik miqdordagi jarimalarga olib kelishi mumkin.
Live
Barchasi