Maxsus komissiya aytganidan nega qaytdi? Izoh Nurmat Otabekovdan

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, joriy yilning 7 fevralidan maktab, kollej-texnikum va oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy ta’lim qayta boshlanishi e’lon qilindi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur kutilmagan qarorni koronavirus tarqalishi kamaygani bilan izohladi. 

Ammo, O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining kutilmagan qarori talabalarni murakkab vaziyatda qoldirgani shubhasiz. 

Chunki, joriy yilning 23 yanvar kuni Respublika maxsus komissiyasi barcha ta’lim muassasalarida o‘qishlar 24 fevraldan boshlanishi haqida aytgandi. Nima komissiya ham aytib, ham qaytaveradimi? Bugun, 3 fevral kuni “Xalqaro press-klub”ning navbatdagi sonida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov Maxsus komissiyaning o‘quv jarayonlarni onlayndan oflayn shaklga o‘tkazilishi bo‘yicha qilingan qaroriga izoh berdi.

“Respublika komissiyasi u yoki bu qarorni qabul qilishdan avval vaziyatni har tomonlama o‘rganadi. Biz dastlab dunyodagi statistik raqamlarga e’tibor beraylik. Hozirga qadar ro‘yxatga olingan bemorlar soni juda yuqori darajaga yetib bordi. Har kuni 3-3,5 mln kishida kasallik qayd etilyapti. Lekin keyingi 20 kun ichida kasallikka chalinganlar sonida kamayish ham kuzatilyapti. O‘zbekistonda ham vaziyat ancha barqaror tomonga qarab siljiy boshladi”, deydi Nurmat Otabekov.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, hozir respublikada kuniga o‘rtacha 1000 ta bemor qayd etilayotgan bo‘lsa ham, vaziyat birmuncha yumshagan. Negaki, hozir shifoxonalarda yotgan bemorlarga nisbatan davolanib chiqayotgan bemorlar soni ko‘p. Demak, kasallik aksariyat holatda yengil kechmoqda.

“Biz kuzatdik, pandemiyaning dastlabki davrida kasallik 85 foiz holatda yengil, 10 foiz holatda og‘ir va 5 foiz holatda o‘ta og‘ir o‘tdi. Hozir esa kasallarning 98 foizida yengil kechmoqda. Demak, hozir bemorlar deyarli to‘liq holatda uy sharoitida davolanib, kasallikdan forig‘ bo‘lyapti. Mana shuning o‘ziyoq imkoniyatlarning paydo bo‘layotganidan darak. Qolaversa, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shunday axborot tarqatdiki, unga muvofiq u yoki bu hududdagi epidemik vaziyatga ham baho beriladi. Deylik, kasallanish darajasi 1 foizdan yuqori bo‘ladigan bo‘lsa, demak u yerda hali vaziyat beqaror. 1 foizdan kam bo‘lsa, vaziyat barqaror hisoblanadi”, deydi mutaxassis.

Ta’kidlanishicha, hozir O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 0,8 foizni tashkil etyapti. Qolaversa, keyingi 1 hafta – 10 kun davomida bemorlar har kuni 50-60-100 nafarga kamayib boryotgani kuzatilyapti. Shuningdek, dunyo davlatlari hozir karantin muddatini 14 kundan 7 kunga va hatto, 5 kunga tushiryapti. Ko‘p davlatlarda esa karantin cheklovlari allaqachon bekor qilingan.

Otabekov yuqoridagilarga tayanilgan holda, talabalar, o‘quvchilarning vevosita muloqot orqali bilim olishlariga sharoit yaratish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi onlayn ta’limni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilganini qo‘shimcha qildi. 

Ma’lumot uchun, Respublika maxsus komissiyasi shu tarzda qaror qabul qilib, keyin aynib qolishi bilan bog‘liq holat birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Komissiya eskpress-test, dezinfeksiya tonnellari borasida ham avval aytib, so‘ng qaytishi bilan tilga tushgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

572

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing