Makgregor besh yillik tanaffusdan so‘ng UFC’ga qaytishini tasdiqladi

Sport

image

Ikki vazn toifasida sobiq UFC chempioni Konor Makgregor oktagonga qaytishini rasman tasdiqladi. Bu haqda sportchi o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.

Joriy yilning 20 mart kuni Makgregorning diskvalifikatsiya muddati yakuniga yetdi. U 2024 yilda uchta doping testini (13 iyun, 19 sentyabr va 20 sentyabr kunlari) o‘tkazib yuborgani sababli 18 oyga chetlatilgandi. Mazkur holatlar “qayerdalik haqida ma’lumot berish qoidalarini buzish” sifatida baholangan.

“Mish-mishlar rost. Janob Konfidencye jang biznesini yana qutqarish uchun qaytdi!”, deya yozadi Konor.

Jurnalist Ariel Xelvanining ma’lum qilishicha, Makgregorning qaytish jangi joriy yilning 11 iyul kuni Las-Vegasda bo‘lib o‘tadigan UFC 330 turniri doirasida, Xalqaro jang haftaligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Uning ta’kidlashicha, bu rejaga faqatgina kutilmagan holatlar to‘sqinlik qilishi mumkin.

Avvalroq, irlandiyalik sportchi shu yilning 14 iyun kuni Oq uyda o‘tkazilishi rejalashtirilgan turnirda ishtirok etish variantini ham ko‘rib chiqqan, biroq yakuniy ro‘yxatga kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, Makgregor oxirgi bor 2021 yil iyul oyida UFC 264 turnirida Dastin Porega qarshi jang qilib, oyog‘idan olgan jarohati sabab texnik nokaut bilan mag‘lub bo‘lgan edi. Shundan beri u oktagonda jang o‘tkazmagan. Hozirda Makgregorning professional MMA rekordi 22 g‘alaba va 6 mag‘lubiyatdan iborat.


Maqola muallifi

Teglar

diskvalifikatsiya UFC Konor Makgregor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing