Magistraturaga kirish uchun yana bir imtiyoz joriy etiladi
Jamiyat
−
08 noyabr 2019
12230Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalari tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, xalq manfaati yo‘lida bor salohiyatini safarbar qiladigan, shijoatli yosh kadr qilib tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan har yili bo‘lib o‘tadigan Oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, respublika fan olimpiadalari tizimini takomillashtirishning samarali mexanizmini yaratiladi.
Olimpiada g‘oliblari va ularning ilmiy rahbarlarini rag‘batlantirish tartibi
Oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar fan olimpiadalarida qatnashib, uning yakuniy bosqichida mutaxassislik fanlaridan birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan talabalarga, g‘olib bo‘lgan fan bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarining maksimal ball olish huquqini beruvchi va ikki yil muddat davomida amal qiluvchi guvohnoma taqdim qilinadi hamda g‘olib talabalarning barchasiga vazirlikning 1, 2, 3-darajali diplomlari beriladi.
Olimpiada g‘oliblari xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasi ro‘yxatiga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda magistraturaga qabul qilingan olimpiada g‘oliblariga "Ustoz-shogird" tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan fan doktorlari va malakali mutaxassislardan iborat ilmiy rahbarlar biriktiriladi.
Olimpiadaning yakuniy bosqichi g‘oliblari, ularning ilmiy rahbarlariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin uchun – 5 barobar, ilmiy rahbarga – 5 barobargacha,
2-o‘rin uchun – 3 barobar, ilmiy rahbarga – 3 barobargacha,
3-o‘rin uchun – 2 barobar, ilmiy rahbarga – 2 barobargacha.
Tasarrufida OTMlari bo‘lgan vazirliklar va idoralar OTMlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan olimpiadada g‘olib bo‘lgan talabalar, ularning ilmiy rahbarlari hamda olimpiadani tashkil etish va o‘tkazishda faol qatnashgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga haqli.
Shahnoza To‘ramurotova
LiveBarchasi