Maduro Puerto-Rikoni Braziliya yordamida AQSHdan “ozod qilmoqchi”
Olam
−
13 yanvar
3123Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro Xalqaro fashizmga qarshi festivalning yopilish marosimida Puerto-Rikoni dekolonizatsiya qilish va hududni amerikaliklardan ozod etishni talab qildi. Bu haqda “El Universal” xabar berdi.
“Shimolda ular kolonizatsiya dasturiga ega bo‘lsa, bizda ozodlik dasturi bor. Bizning dasturimiz Simon Bolivar tomonidan yozilgan. Puerto-Riko ozodligi yaqinlashmoqda va biz bunga Braziliya qo‘shinlari yordamida erishamiz”, dedi Maduro.
Shuningdek, u 80 yil avval fashizmga qarshi kurash uchun shakllantirilgani kabi jahon antifashistik ittifoqini yaratishga chaqirgan. Bundan tashqari, Maduro inauguratsiyasi munosabati bilan Portugaliyaning Lissabon shahrida joylashgan Venesuela bosh konsulligiga noma’lum shaxslar hujum uyushtirgani xabar qilingan.
Ma’lumot uchun, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, 1898 yildan beri Puerto-Riko na suveren davlat, na AQSH shtati hisoblanadi, biroq AQSH hududi sanaladi. Bu ularni qo‘shma shtatlik fuqarolarning ayrim imtiyozlari bilan ta’minlaydi, lekin mamlakat saylovlarida ovoz berish huquqini bermaydi. Joriy yilning noyabr oyida Puerto-Riko oroli maqomi bo‘yicha referendumda aholining ko‘pchiligi AQSH tarkibiga shtat maqomida qo‘shilish tarafdori ekanini bildirgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Nikolas Maduroning hibsga olinishiga yordam beradigan ma’lumot uchun 25 million dollar mukofot e’lon qilgan edi. Vashington Maduroning o‘tgan yilgi saylovlardagi g‘alabasini tan olmaydi, muxolifat esa saylovdagi yirik firibgarlik dalillarini taqdim etdi. Venesuela Ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelo va Mudofaa vaziri Vladimir Padrinoning hibsga olinishiga yordam beradigan ma’lumotlar uchun ham katta pul mukofotlari e’lon qilingan.
LiveBarchasi