Maduro Qatarga ko‘chib o‘tishi mumkin

Olam

image

AQSH rahbariyati Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni mamlakatdagi inqirozni bartaraf etish maqsadida Qatarga joylashtirish ehtimolini muhokama qilmoqda. Bu haqda “The New York Post” xabar berdi. 

Nashr manbalariga ko‘ra, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Maduroni aynan Qatarga ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etgan. Venesuela atrofidagi vaziyat bo‘yicha Qatar vositachilik aloqalarida ishtirok etayotgani uchun ma’muriyatning ayrim vakillari bu taklifni “aniq amalga oshishi mumkin bo‘lgan” ssenariy sifatida baholamoqda.

AQSHning Venesuelaga qarshi harbiy kampaniya boshlashi haqida bir necha haftadan buyon gap ketmoqda. Amerika harbiy kemalari uzoq vaqt davomida Venesuela hududiy suvlari yaqinida turibdi. Vashington buni narkokartellarga qarshi kurashish va AQSHga giyohvand moddalar kirib kelishini oldini olish bilan izohlab keladi.

“Buni qilayotgan va uni bizning mamlakatimizda sotayotgan har qanday odam hujumga uchraydi”, degan Tramp. 

Joriy yilning 29 noyabr kuni Tramp Venesuela ustidagi havo makoni “to‘liq yopilgan” deb e’lon qildi, ammo tafsilotlarni keltirmadi.

21 noyabr kuni AQSHning bir necha oy davom etgan bosimi ortidan Tramp va Maduro o‘rtasida 15 daqiqa telefon suhbat bo‘lib o‘tgan. Unda Tramp Maduruga bir hafta ichida mamlakatni tark etib, oilasi bilan istalgan joyga borish bo‘yicha ultimatum qo‘ygan.

Xabarga ko‘ra, Maduro katta murosalarga tayyor bo‘lgan. U agar o‘zi va yaqinlariga to‘liq huquqiy amnistiya berilsa, mamlakatni tark etishga rozi bo‘lgan. 

Tramp Maduroning aksariyat talablarini rad etgan va unga qochish uchun bir hafta vaqt borligini bildirgan. Ultimatum muddati 28 noyabr kuni tugagan. Maduro esa mamlakatni tark etmagan va o‘z lavozimida qolishda davom etmoqda. 

Avgust oyida AQSH Maduroni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 50 million dollar mukofot e’lon qilgan edi. Tramp uni qonuniy prezident deb tan olmaydi va saylov natijalarini soxtalashtirilgan deb hisoblaydi.

AQSHning harbiy bosimi kuchaygan bir paytda, Maduro Rossiya, Xitoy va Eronni Venesuela mudofaasini mustahkamlashga chaqirgan. 

OAV ma’lumotiga ko‘ra, Maduroning Vladimir Putinga yozgan xatida havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash – Su-30 qiruvchilarini ta’mirlashdan tortib radarlar va tegishli raketalarni yetkazib berish bo‘yicha yordam so‘ralgan.

22 oktyabr kuni Rossiya Venesuela bilan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova bu qarorni sharhlab, Moskva Karakas bilan yaqin aloqada ekanini va “mavjud hamda potensial tahdidlarni hisobga olib”, Venesuelaning murojaatlariga javob berishda davom etishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp amerikalik harbiylar Venesuelada quruqlikdagi operatsiyani boshlashga hozirlik ko‘rayotganini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Nikolas Maduro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing