Madaniyat vazirligining ayrim xodimlariga ish haqining 100 foizigacha ustama to‘lanadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6000-son Farmoniga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Madaniyat vazirligi) faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida:

“Axborot va kompyuter texnologiyalari markazi” davlat muassasasi “Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va axborot-multimedia markazi” davlat muassasasi etib qayta nomlansin;

Madaniyat va san’at ko‘rgazmasi hamda Yoshlar madaniyat va san’at markazi tugatilsin, ularning byudjetdan moliyalashtiriladigan shtat birliklari, balansida bo‘lgan binolar hamda boshqa moddiy-texnika vositalari Madaniyat vazirligiga o‘tkazilsin;

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti (keyingi o‘rinlarda – Departament) va uning barcha hududiy boshqarmalari tuzilmasida tegishlicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Badiiy ekspertiza boshqarmasi hamda badiiy ekspertiza bo‘limlari tashkil etilsin;

Madaniyat vazirligi huzuridagi Badiiy ekspertiza boshqarmasi, uning hududiy bo‘limlari tugatilsin, ularning mavjud shtat birliklari hamda mol-mulklari moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda tegishlicha Departament hamda uning hududiy boshqarmalariga, pul mablag‘lari esa – Departamentning byudjetdan tashqari Madaniy meros jamg‘armasiga o‘tkazilsin;

Madaniyat vazirligi huzuridagi “Madaniy meros tiklash-ta’mirlash” davlat unitar korxonasi hamda Departament huzuridagi “Meros chashmasi” davlat unitar korxonasi tugatilsin, ularga xo‘jalik yuritish, operativ boshqaruv va doimiy foydalanish huquqi bilan tegishli bo‘lgan binolar hamda boshqa moddiy-texnika vositalari belgilangan tartibda Madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutiga o‘tkazilsin;

Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga moliyalashtiriladigan ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi xizmatining nomi Madaniyat vazirligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi etib qayta nomlansin;

“Guliston”, “Teatr” va “Moziydan sado” jurnallari tahririyatlari yagona tahririyatga birlashtirilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”, “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”, “Muzeylar to‘g‘risida”, “Arxeologiya merosi ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlarida Madaniyat vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifa, funksiya hamda vakolatlar Departament va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi;

Departament va uning hududiy boshqarmalari faoliyati 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

3. Madaniyat vazirligi 2020 yil oxiriga qadar Departament va uning hududiy boshqarmalariga operativ boshqaruv huquqi bilan berilgan moddiy madaniy merosning barcha ko‘chmas mulk ob’ektlarini tegishli hududiy madaniyat boshqarmalari va muzey-qo‘riqxonalarga operativ boshqaruv huquqi bilan o‘tkazilishini ta’minlasin, Departament va uning hududiy boshqarmalari joylashtirilgan binolar bundan mustasno.

Moddiy madaniy meros ob’ektlariga egalik qiluvchi va ulardan foydalanuvchi davlat organlari va boshqa yuridik shaxslar rahbarlari hamda jismoniy shaxslar zimmasiga moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

Departament va uning tegishli hududiy boshqarmalari tegishincha tugatilayotgan Badiiy ekspertiza boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha vorisi hisoblanadi;

Departament va uning hududiy boshqarmalari tarkibidagi Badiiy ekspertiza boshqarmasi va badiiy ekspertiza bo‘limlari boshliqlari o‘z lavozimiga ko‘ra tegishincha Departament va uning hududiy boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosari hisoblanadi;

Departament va uning hududiy boshqarmalari tarkibidagi Badiiy ekspertiza boshqarmasi va badiiy ekspertiza bo‘limlarining shtat birliklari tugatilayotgan Badiiy ekspertiza boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarining shtat birliklari hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha shtat birliklarini ajratish orqali shakllantiriladi;

madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan o‘tkazganlik uchun maxsus yig‘imlar Departamentning Madaniy meros jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

5. Madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutiga (keyingi o‘rinlarda – Institut) qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda, arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini yaratish, geodeziya va kartografiya faoliyati, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini asrashga doir faoliyat turlarini tegishli litsenziyalarni olmasdan amalga oshirish huquqi berilsin.

Belgilansinki:

Institut fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning davlat ilmiy-texnikaviy dasturlarida nazarda tutilgan mablag‘lar, o‘z faoliyatidan olgan mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

Institut tugatilayotgan “Madaniy meros tiklash-ta’mirlash” va “Meros chashmasi” davlat unitar korxonalarining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha vorisi hisoblanadi, xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bo‘yicha majburiyatlar bundan mustasno.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi mavjud shtat birliklari va moddiy-texnika bazasi bilan to‘liq hajmda, moliyalashtirish, mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda Madaniyat vazirligi tizimiga o‘tkazilsin.

Madaniyat vazirligi 2020 yil 1 sentyabrga qadar Madaniyat vazirligi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

7. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

boshqaruv xodimlari cheklangan soni 81 kishidan iborat O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

hududiy madaniyat organlari xodimlarining cheklangan soni 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziriga xodimlarning umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi doirasida hududiy madaniyat organlari tuzilmalarini tasdiqlash, shuningdek, zarur hollarda, ushbu tuzilmalar hamda vazirlik markaziy apparati tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

Mazkur bandga muvofiq Madaniyat vazirligi va hududiy madaniyat organlari uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha 51 ta shtat birliklari Madaniyat va san’at ko‘rgazmasining tugatilishi hamda Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlarning qayta tashkil etilishi hisobiga bo‘shaydigan shtat birliklari hisobidan ajratilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash 4-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6000-son Farmonida belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq hajmda va samarali amalga oshirilishini ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 noyabrdagi PQ–4038-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” hamda mazkur qarorning ijrosini ta’minlashda mas’ul vazirlik va idoralarning faoliyatini samarali tashkil etish hamda muvofiqlashtirish, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rish;

mazkur bandda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining doimiy monitoringi va tahlilini olib borish hamda ularning natijalari yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot va asoslantirilgan takliflar kiritib borish.

9. Madaniyat vazirligi:

a) ikki hafta muddatda:

ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosarlarining ular mas’ul bo‘lgan aniq yo‘nalish va vazifalarni nazarda tutuvchi funksional vazifalarini tasdiqlasin;

hududiy madaniyat boshqarmalari tuzilmalarida xodimlarning mazkur qaror bilan belgilangan cheklangan soni doirasida moddiy madaniy meros ob’ektlaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilish bo‘limlarini tashkil etsin;

b) bir oy muddatda:

ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, Madaniyat vazirligi markaziy apparati va yangi tuzilgan bo‘linmalarni zimmasiga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini yuqori professional darajada ta’minlashga qodir bo‘lgan malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin;

Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan konsert-tomosha xizmatlarining tariflarini shakllantirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

v) ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga:

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi;

Departament faoliyatini takomillashtirish va barqaror ravishda moliyalashtirish, xodimlari mehnatini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish, shu jumladan, ularga xizmat qilgan umumiy ish staji, ilmiy unvon va darajaga ega bo‘lgani uchun ustamalar belgilash, moddiy-texnika bazasini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi;

Madaniy boyliklarni realizatsiya qilish faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tishning xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi qaror loyihalarini kiritsin;

g) uch oy muddatda Ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining kalendar rejalarini shakllantirish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga madaniyat va san’at muassasalarida Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimi ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Madaniyat vazirligi:

bir oy muddatda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda Ommaviy tashrif buyuriladigan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari va muzeylar ro‘yxatini tasdiqlasin;

2021 yil 1 iyulga qadar o‘z tizimidagi teatrlarning kirib-chiqish joylarida teatrlarning o‘z mablag‘lari va Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda tadbirkorlik sub’ektlarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb qilinadigan mablag‘lari hisobiga elektron turniketlar yoki tashrif buyuruvchilarni avtomatik hisobga olishga mo‘ljallangan boshqa moslamalar o‘rnatilishi va ularning Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimiga integratsiya qilinishini ta’minlasin.

11. 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilari uchun mehnatga haq to‘lashning yagona tizimi joriy etilguniga qadar Madaniyat vazirligi, hududiy madaniyat boshqarmalari, tuman va shahar madaniyat bo‘limlari xodimlari uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan ushbu xarajatlar uchun Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirishning quyidagi turlari joriy etilsin:

ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda quyidagi hajmlarda har oyda qo‘shimcha pul to‘lash:

2 yildan 5 yilgacha – 0,1;
5 yildan 10 yilgacha – 0,2; 
10 yildan 15 yilgacha – 0,3; 
15 yildan ortiq – 0,4;

xodimlar faoliyatining natijadorligiga ko‘ra ish beruvchining alohida buyrug‘i bilan o‘rnatiladigan, lavozim maoshidan (rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) 100 foizgacha bo‘lgan miqdorda har oylik shaxsiy ustama;

har oylik oziq-ovqat uchun xarajatlarni qoplash bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida to‘lovlar;

har oylik yo‘lkira uchun xarajatlarni qoplash bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida to‘lovlar, xizmat avtotransporti biriktirilgan xodimlardan tashqari.

12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2021 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti parametrlarida mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni ko‘zda tutsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 14 sentyabrdagi “Toshkent shahrida barpo etilgan madaniyat va san’at ko‘rgazmasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–467-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

15. Madaniyat vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A.Musayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 26 may


Maqola muallifi

Teglar

qaror Madaniyat vazirligi

Baholaganlar

34

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing