Madaniyat vazirligi tizimidagi o‘ziga xos jinoiy sxema fosh etildi

Jamiyat

image

Bugun, 7 noyabr kuni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligida korrupsiya holatlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Madaniyat, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport, xalq ta’limi, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamda Ekologiya va atrof - muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tizimi ham korrupsiyadan xoli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Madaniyat vazirligining ayrim mansabdorlari o‘ziga xos jinoiy sxema yaratishgan.

Muqaddam o‘g‘irlik va talon - torojlik jinoyatlari uchun 7 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab chiqqan I. 2019 yil fevral oyida vazirlik bosh hisobchisi lavozimiga tayinlangan. Byudjetni o‘marishda qulay imkoniyatni qo‘lga kiritgan I. dastlab ishni tanishlari Yo. va K bilan jinoiy reja tuzishdan boshlaydi.

Rejaga ko‘ra, I. vazirlik xaridlarini fuqaro K. va uning yaqinlariga tegishli firmalarga berish uchun 26 ming dollar ulush oladi.

Shundan so‘ng, vazirlik tizimidagi teatr, madaniyat uylari va boshqa tashkilotlarga zarur grim mahsulotlari uchun tanishi K.ga tegishli firmalarga 2,6 mlrd. so‘m o‘tkazib beriladi.

O‘z navbatida, bu firmalar grim o‘rniga “O‘rikzor” bozoridan 264 mln. so‘mga arzon va sifatsiz kosmetika mahsulotlarini sotib olib, uni grim ekanligi haqida soxta hujjatlarni tuzib, vazirlikka topshiradi. 

Vazirlik esa, madaniyat muassasalariga umuman kerak bo‘lmagan bu mahsulotlarni grim sifatida soxta hujjat qilib, ularga yetkazib beradi.

Sxemaga ko‘ra, mahsulot narxi hujjatlarda bir necha barobar qimmat ko‘rsatilib, 2,3 mlrd. so‘m mablag‘ talon - toroj qilingan.

Vazirlik ishlar boshqarmasi boshlig‘i O. teatr va musiqiy maktablarga aslida yetkazib berilmagan mebel va musiqa anjomlari yetkazib berilgani haqida soxta hujjatlar tuzib, 1,7 mlrd. so‘mni o‘ziga tanish firmalarga o‘tkazib, talon - taroj qilgan.

Shuningdek, 13,5 mlrd. so‘mlik mebel va jihozlarni tanishlaridan 20,2 mlrd. so‘mga olish yo‘li bilan 6,7 mlrd. so‘m ham talon - toroj qilingan.

Bu jinoiy sxema bilan 12 mlrd. so‘m byudjet mablag‘i o‘marilgan. Hozirda bu shaxslar qamoqqa olinib, tergov o‘tkazilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya prokuratura madaniyat

Baholaganlar

891

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing