Madaniy meros ob’ektlari restavratsiyasi uchun 75 mlrd so‘m sarflanadi
Jamiyat
−
07 may 2022
2471Joriy yil davomida O‘zbekistondagi 34 ta madaniy meros ob’ektida ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshiriladi. Buning uchun davlat byudjetidan 75 mlrd so‘m sarflanishi rejalashtirilgan. Bu haqda Madaniy meros agentligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri tomonidan 2022 yil davomida asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarining manzilli ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatdan jami 34 ta madaniy meros ob’ekti o‘rin olgan va ularni ta’mirlash-tiklash ishlari uchun 75 mlrd so‘m sarflanishi rejalashtirilgan.
Joriy yilgi ro‘yxatga ko‘ra, Bahodir Yalangto‘shbiy madrasasi, Talipoch qal’a qoldiqlari, “Ulug‘bek” madrasasi, Amir Olimxon madrasasi, Ko‘k gumbaz, Oq Saroy, Islom Xo‘ja yozgi qarorgohi, Chodra hovli kabi ob’ektlarda restavratsiya ishlari olib boriladi.
Shuningdek, Buxoro “Ark” qo‘rg‘oni majmuasidagi Qushbegi, Saisxona, Salomxona, Taxtxona madaniy meros ob’ektlarida ta’mirlash tiklash ishlari amalga oshiriladi. “Ark” qo‘rg‘oni majmuasi vayronalari qismida “Arxeologik park” tashkil qilinadi.
Buxoro shahridagi “Masjidi Kalon” (Poi Kalon majmuasi) qulab tushgan qismlar va ta’mirtalab devorlarini ta’mirlash-qayta tiklash, atrofini obodonlashtirish ishlarini ham 2022 yilning IV choragida amalga oshirish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Buxorodagi XX asr boshida qurilgan “Sitorai Mohi Xossa” saroyini restavratsiya qilish ishlari noto‘g‘ri olib borilgani tufayli saroyning bir qator qismi tarixiy va badiiy ahamiyatini butkul yo‘qotgan edi.
LiveBarchasi