Lushanning gaplari ortidan “Navbahor”dagi vaziyat tekshiriladi

Sport

image

Avvalroq, “Navbahor” bosh murabbiyi Sergey Lushan Superliga 22-turi doirasida “Buxoro”ga uchralgan yirik mag‘lubiyatdan so‘ng matbuot anjumanida ayrim futbolchilarining harakatlari shubhali tuyilganini aytgani, keyinroq esa murabbiyning o‘zi lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekiston professional futbol ligasi (O‘zPFL) Lushanning gaplari ortidan “Navbahor” klubidagi vaziyatni o‘rganishni so‘rab, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga murojaat yo‘lladi.

“Rossiyalik mutaxassisning matbuot anjumanida bildirgan fikrlari Liga e’tiborini tortdi. Unda Lushan ayrim futbolchilar raqib jamoa foydasi uchun harakat qilganini va bu kabi holatlar tegishli organlar tomonidan o‘rganib chiqilishi lozimligini qayd etgan. Bunga qadar ham murabbiy matbuot anjumanlarida bir qator keskin fikrlar bildirgan bo‘lib, ularni nomma-nom sanamagan bo‘lsa-da, o‘zining ayrim shogirdlariga nisbatan konkret ayblovlari borligini bildirgandi”, deyiladi O‘zPFL bayonotida.

Shuningdek, O‘zPFL “Navbahor” klubidagi muhit sog‘lom emasdek taassurot uyg‘otayogani haqida ham to‘xtalib o‘tgan. Xususan, klub mavsumning birinchi davrasini ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan bo‘lsa-da, moliyaviy tomondan qiyinchiliklar mavjud ekani aytib o‘tilgan. 

“Ayni vaqtda ham klub eski qarzdorlikni bartaraf eta olmagan. Shunga qaramay, klub mavsum boshida xorijiy yig‘inda ishtirok etdi va ayrim tajribali futbolchilarni o‘z safiga qo‘shishda davom etdi. Lushan tomonidan bildirilayotgan fikrlarning haqiqatga qanchalik yaqin ekani, klubdagi vaziyatga moliyaviy holat qanchalik ta’sir qilayotgani, futbolchilar oldida ehtimoliy qarzdorlikning mavjud ekani ularning sport formasi hamda kayfiyatiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani va oxir-oqibat bu holatlar klub natijalarida qanday rol o‘ynayotgani Liga uchun muhim hisoblanadi”, deyiladi O‘zPFL bayonotida.

Qayd etilishicha, Sergey Lushan tomonidan matbuot anjumanida bildirilgan fikrlar ichki chempionatning sport yaxlitligi, undagi sog‘lom raqobat va haqqoniy o‘yinlar masalasiga nisbatan qator savollarni keltirib chiqaradi. Agar murabbiyning fikrlari va yoki unda mavjud shubhalarda asos mavjud bo‘lsa, endilikda bu faqatgina klubning ichki ishi bo‘lmaydi va u tabiiyki, Superligadagi sog‘lom raqobat masalasiga putur yetkazadi. Aksincha holat bo‘lib, murabbiy o‘z bayonotlari uchun asos topib bera olmasa, demak u o‘z so‘zlariga qo‘shimcha izoh berishi shart.  

“Shularni inobatga olgan holda, “Navbahor” klubidagi vaziyatni o‘rganish uchun Liga Assotsiatsiyaning Futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyasiga murojaat qilishni lozim deb topdi. So‘nggi bor maxsus inspeksiya shu yilning iyun oyida futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonidagi qalbaki hujjatlar masalasini o‘rganib, masalaga to‘la oydinlik kiritib bergandi. Umid qilamizki, yuqoridagi masala ham atroflicha o‘rganib chiqiladi va uning xulosasi Liga a’zosi bo‘lgan har qanday klub va uning rasmiylariga ogohlik bo‘lib xizmat qiladi”, deyiladi O‘zPFL murojaatida.

Eslatib o‘tamiz, “Buxoro” va “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng, “Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi Sergey Lushan iste’foga chiqarilgani haqida xabar berilgan edi. Uning boshqaruvida “lochinlar” Superligada 35 ta o‘yin o‘tkazib, 16 ta g‘alaba, 9 ta durang, 10 ta mag‘lubiyat, O‘zbekiston kubogi doirasidagi bahslarda esa 8 ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta g‘alaba (ikkitasi penaltilar seriyasi bo‘yicha), 1 ta durang hamda 2 ta mag‘lubiyatni qayd etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Superliga “Navbahor” “Buxoro” Sergey Lushan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing