Lukashenkoning shok harakati – AQSH jurnalistning hibsga olinganiga munosabat bildirdi

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar “Ryanair” samolyotining qiruvchi MiG-29 samolyoti bosimi bilan Minskda qo‘ndirilgani va uning bortida bo‘lgan Nexta Telegram kanalining sobiq bosh muharriri Roman Protasevichning hibsga olinganini “keskin qoralaydi”. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi

AQSH Davlat departamenti saytida xabar berilishicha, Blinken Belarus rasmiylaridan Protasevichni ozod qilishni talab qilgan. Uning fikriga ko‘ra, “Lukashenko rejimining shok harakati” samolyot bortida bo‘lgan 120 dan ortiq yo‘lovchilarga, shu jumladan AQSH fuqarolariga xavf tug‘dirgan.

Davlat kotibining qo‘shimcha qilishicha, AQSH bu masalada Yevropa Ittifoqi, Litva va Gretsiya bilan aloqaga chiqqan. Vashington Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti Kengashining “favqulodda yig‘ilishi” chaqirilishini qo‘llab-quvvatlagan. 

Shuningdek, AQSH ushbu voqeada Belarus xavfsizlik xizmatining ishtiroki va yo‘lovchilar samolyotini majburlab qo‘ndirishda harbiy samolyotlardan foydalanilgani haqidagi xabarlarni tekshirishni talab qilmoqda.

“Qo‘shma Shtatlar Lukashenko rejimining davom etayotgan ta’qiblari va jurnalistlarni o‘zboshimchalik bilan hibsga olishini yana bir bor qoralaydi. Biz Belarus xalqining erkin, demokratik va farovon kelajak sari intilishlarini qo‘llab-quvvatlaymiz hamda rejimni inson huquq va erkinliklarini hurmat qilishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 may kuni Gretsiyaning Afinasidan Litvaning Vilnyus shahriga uchib ketayotgan “Ryanair” aviakompaniyasining samolyoti Minskka qo‘ndirildi. Ma’lum bo‘lishicha, samolyot bu vaqtda Belarus osmonida parvoz qilayotgan bo‘lgan va mamlakat Harbiy havo kuchlariga qarashli MiG-29 qiruvchisi yo‘lovchi samolyotining mujburiy tarzda qo‘ndirilishini ta’minlagan.

Ushbu samolyot bortida Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng boshlangan va bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlari yoritgan va unda qatnashishga chorlagan Nexta Telegram kanali bosh muharriri Roman Protasevich ham bo‘lgan va tabiiyki, darhol hibsga olingan. 

Ma’lumot uchun, Nexta Telegram kanali Belarusda ekstremistik, deb topilgan. Protasevichning o‘zi terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan va qidiruvga berilgan. 

U Belarusda “ommaviy tartibsizliklar uyushtirish”da (15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin) va “jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzgan guruh harakatlari”da (uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilishda) ayblanmoqda.

Bundan tashqari, unga nisbatan kasbiy mansubligi asosida “ijtimoiy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan qasddan xatti-harakatlar sodir etish to‘g‘risida” jinoiy ish qo‘zg‘atilgan (eng yuqori jazo 12 yil).


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

256

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing