Lukashenko “omicron” yuqtirib olganini ochiqladi
Olam
−
20 yanvar 2022
4426Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenko yana koronavirusga chalindi, bu safar u “omicron” shtammini yuqtirib olgan. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
“Biz “omicron” butunlay boshqa virus ekanini sezdik. Biz odatdagi grippga qaytganmiz degan gumondaman. Bularni ikkinchi marta koronavirusga chalingan odam sifatida aytyapman”, deydi Lukashenko Tuva Respublikasi rahbari Vladislav Xovalig bilan uchrashuvda.
Lukashenkoning ta’kidlashicha, “omicron” har doim ham pnevmoniyaga olib kelavermaydi.
“Men bu shtammni ham oyog‘imda yurib o‘tkazib yubordim. Oxirida qandaydir sinov vaqtida “omicron” yuqtirganimni bildim”, deydi Lukashenko.
Uning fikricha, Rossiya pandemiyaga qarshi kurashda to‘g‘ri taktika tanlagan.
“Rossiyada to‘g‘ri yo‘l tanlandi, bu asosan ambulator davolanish. Odamlar bu virus tufayli turli xil kasalliklarga duch keladi. Albatta, virus yuqtirganlar orasida keksalar ham, virus tufayli kasallanishga moyil odamlar ham bor. Ular asosan yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, saraton, astma bilan kasallangan odamlardir”, deydi Lukashenko.
U Tuva Prezidentini ortiqcha tashvishlanmaslikka chaqirdi.
“Ammo siz ortiqcha tashvishlanishingiz shart emas, faqat yashashingiz kerak”, deydi Lukashenko.
Ma’lumot uchun, Lukashenko 2020 yil iyul oyi oxirida COVID-19 bilan kasallangan edi. Biroz o‘tgandan so‘ng, tezda oyoqqa turib olgan. 2021 yilning kuzida u koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanishga rozi bo‘ldi, ammo 2023 yilda fuqarolik muomalasiga kiritilishi rejalashtirilgan Belarus vaksinasini kutishini aytgan.
LiveBarchasi