Lukashenko O‘zbekistonni MOdagi asosiy hamkor deb, yana YeOIIga da’vat qildi

Jamiyat

image

Aleksandr Lukashenko Minsk O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy hamkori deb bilishini, mamlakat hukumati uni YeOIIda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini aytdi. Bu haqda u Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bugun, 24 iyul kuni telefon orqali muloqotda aytib o‘tgan. 

“Belarus O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy hamkori deb biladi va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikda mamlakat iqtisodiyotini to‘liq jalb etishni ta’minlab,  uni YeOIIda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor”, deyiladi BELTA xabarida.

Suhbatda O‘zbekiston Belarusning Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo bo‘lish haqidagi arizasini qo‘llab-quvvatlashi haqida ham so‘z borgan. 

Qayd etilishicha, muloqotda hamkorlikni rivojlantirish uchun yetarlicha istiqbollar mavjudligi ta’kidlangan: ikki mamlakat bozorlarida xaridorgir mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish, hamkorlikni kengaytirish, yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish.  Mirziyoyev va Lukashenko yana bir bor Qoraqalpog‘iston voqealari xususida gaplashgan va u yerda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan fikr almashgan. 

O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati esa Shavkat Mirziyoyevning Lukashenko bilan telefon orqali o‘tkazgan muloqoti haqida tarqatgan xabarida Qoraqalpog‘iston, YeOII masalalari muhokama qilingani haqida so‘z ochmagan. 

“Belarus rahbari O‘zbekiston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, do‘st O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Prezidentlar keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Belarus munosabatlari jadal rivojlanib, aniq mazmun bilan boyib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

O‘zaro savdo hajmi ortmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari soni oshmoqda, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashinuv kengaymoqda.

Hukumatlar rahbarlari darajasida muntazam va samarali muloqot yo‘lga qo‘yilgani yuqori baholandi. Mashinasozlik, agrosanoat majmui, kimyo, farmatsevtika va elektrotexnika tarmoqlarida, amaliy hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kun tartibidagi masalalar muhokama qilindi”, deyiladi Prezident Matbuot xizmati xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Aleksandr Lukashenko EOII

Baholaganlar

205

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing