Lukashenko butun YeOII davlatlarini Putinning “qo‘liga topshiradigan” loyiha haqida gapirdi

Olam

image

Bugun, 25 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tayotgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi kengashi yig‘ilishida Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko nutq so‘zlab, asosiy e’tiborni YeOII mamlakatlari gaz, neft va neft mahsulotlarining umumiy bozorlarini shakllantirish yo‘lida sekinlik bilan siljiyotganiga e’tibor qaratdi.

“Yevroosiyo integratsiyasining ichki kun tartibining bir qator eng muhim masalalari bo‘yicha biz qiyin va ochiqchasiga sekin harakat qilmoqdamiz. Birinchi navbatda, gap gaz, neft va neft mahsulotlarining umumiy bozorlarini shakllantirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va transport bozorini liberallashtirish haqida bormoqda”, degan Lukashenko.

Shu bilan birga, Belarus rahbari bular YeOII mamlakatlari iqtisodiyoti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari ekani va sanksiyalar fonida ularning ahamiyati “faqat ortib borayotganini” qayd etgan. Lukashenkoning aytishicha, bugun, 25 may kuni bo‘lib o‘tgan YeOII davlatlari rahbarlarining tor formatdagi uchrashuvida ushbu masalalarga katta e’tibor qaratilgan va YeOIIda umumiy energiya bozorlari 2025 yil 1 yanvardan ish boshlashi kerakligi aytilgan.

Bundan tashqari, Lukashenko Janubi-sharqiy mamlakatlar bilan logistikani rivojlantirish zarurligiga ishora qilgan.

“Janubi-sharqqa eksport oqimining teskari o‘zgarishi munosabati bilan ushbu mintaqa mamlakatlariga birgalikda “deraza ochish” juda muhim. Bu mahalliy tovarlar uchun tubsiz bozor”, degan Lukashenko Oliy Yevrosiyo Iqtisodiy Kengashi yig‘ilishida. 

Shuningdek, Lukashenko uchinchi davlatlarga avtomobil tashish tartibini soddalashtirish muhimligini ta’kidlagan va maxsus ruxsatnomalarsiz uchinchi davlatlarga avtomobil tashishni liberallashtirish masalasini ko‘rib chiqishga qaytishni maqsadga muvofiq, deb hisoblashini bildirgan.

Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, Rossiya butun dunyo mamlakatlari, jumladan yon-atrofidagi sobiq sovet respublikalariga ham energiya resurslari orqali bosim o‘tkazib keladi. O‘tgan yilning noyabr oyida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘istonga ushbu sohadagi uch davlatning tijorat manfaatlarini muvofiqlashtirish uchun “uch tomonlama gaz ittifoqi” tuzishni taklif qilgan edi. 2023 yil yanvarida O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika vazirliklari “Gazprom” bilan hamkorlik rejasini imzoladi. 

Joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonga Rossiyadan gaz yetkazib berish “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali amalga oshirilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. 

Qozog‘iston hukumati Rossiya gazini o‘z hududi orqali O‘zbekistonga tranzit qilish masalasini muhokama qilmoqda. 

Shuningdek, Rossiyadan Xitoyga gaz quvurini qurish ehtimoli bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Turkiya prezidentligiga muxolifatdan yagona nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li ham Erdo‘g‘an Hukumati mamlakatni Rossiya gaziga qaram qilishidan qo‘rqayotganini aytgan edi. Uning ma’lum qilishicha, Turkiyada Rossiya bilan gaz xabi loyihasining amalga oshirilishi mamlakatning Rossiyaga energetik qaramligini hozirgi 30-40 foizdan 70-80 foizgacha oshiradi va keyinroq Anqarani butunlay Moskvaga qaram qiladi. 

Ma’lumot uchun, Moskvadagi Katta Kreml saroyida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Mixail Myasnikovich ishtirok etgan. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston rahbari Imomali Rahmon videoaloqa orqali ishtirok etgan. 

Yig‘ilishga Ozarbayjon Prezident Ilhom Aliyev ham taklif qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Moskva neft' Putin Lukashenko EOII

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing