Lukaku “Roma”ga o‘tishga yaqin turibdi
Sport
−
26 avgust 2023
3932Italiyaning “Roma” klubi hujumchi Romelu Lukaku transferi bo‘yicha muzokaralarning ijobiy yakuniga yaqin turibdi. Bu haqda jurnalist Fabritsio Romano xabar berdi.
Unga ko‘ra, bugun, 26 avgust kuni Londonning “Chelsi” klubi belgiyalik futbolchi Romelu Lukaku transferi bo‘yicha “Roma” bilan muzokaralarning birinchi bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan. Ikkinchi bosqichda klublar shartnoma qiymatini va hujumchining maoshini kelishib olishi kerak bo‘ladi.
Romano kabi bir qator futbol jurnalistlari 30 yoshli belgiyalikning “bo‘rilar” tarkibiga borib qo‘shilish ehtimolini juda yuqori baholamoqda.
Ma’lumot uchun, Romelu Lukaku 2022/2023 yilgi mavsumni “Inter” safida ijarada o‘tkazdi va 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol urdi hamda 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning “Chelsi” bilan shartnomasi 2026 yilning iyuniga qadar amal qiladi. Lukakuning “Transfermarkt” portalidagi taxminiy narxi 40 million yevro etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bayer” klubining eronlik hujumchisi Serdar Azmun faoliyatini Italiyaning “Roma” klubi davom ettirishi haqida xabar berilgan edi. Rim klubi Azmunni 12 million yevroga sotib olish imkoniyati bilan ijaraga olgan.
LiveBarchasi