Los-Anjelesda havo taksilari ishga tushirilishi mumkin

Texnologiya

image

2028 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlari (LA28) davomida Los-Anjelesga kelgan mehmonlar va tomoshabinlar shahar tirbandliklaridan qochish imkoniga ega bo‘lishi mumkin. Tashkilotchilar rejasiga ko‘ra, ular shahar ustidan havo taksilari yordamida harakatlanadi. Bu haqda BBC xabar berdi.

LA28 tashkiliy qo‘mitasi shahar tarixidagi uchinchi yozgi Olimpiadaga tayyorgarlik uchun mas’ul tashkilot Archer Aviation kompaniyasi bilan hamkorlikni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari chog‘ida havo taksilari tomoshabinlarni sport ob’ektlariga olib borib, qaytib olib chiqadi.

“Biz odamlarning Los-Anjeles bo‘ylab harakatlanish uslubini o‘zgartirmoqchimiz va Amerikadagi transport kelajagini belgilaydigan meros qoldirmoqchimiz. Bu ishni boshlash uchun eng yaxshi fursat – bu LA28 o‘yinlari”, dedi Archer Aviation asoschisi va bosh direktori Adam Goldshteyn.

Ma’lumot uchun, havo taksilari g‘oyasi avval ham ko‘p muhokama qilingan. Jumladan, ularni 2024 yilgi Parij Olimpiadasida ishga tushirish rejalashtirilgan, biroq bu uchuvchisiz apparatlar Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligidan zarur sertifikatni ololmagan. Shunga o‘xshash vaziyat hozirda AQSHda ham kuzatilmoqda. Archer Aviation hali Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi tomonidan sertifikatlanmagan. Demak kompaniya transport vositalari hali tijorat maqsadida foydalanishga tayyor emas.

Agar sertifikatlash jarayoni Olimpiadagacha yakunlansa, havo taksilari Los-Anjelesda 10-20 daqiqalik parvozlar orqali mehmonlarni shaharning asosiy sport ob’ektlari bilan bog‘lab beradi. Hozircha havo taksilariga chipta narxi e’lon qilinmagan, ammo safarlarni maxsus mobil ilova orqali buyurtma qilish imkoniyati bo‘lishi aytilmoqda.

Ma’lumot uchun, Los-Anjelesdagi Olimpiya o‘yinlari 2028 yil 14 iyulda boshlanib, 30 iyulgacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Guanchjou shahrida aqlli uchar avtomobillar ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi boshlangandi. Qurilish Xpeng kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi va loyiha maydoni 180 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Zavodda “Quruqlik aviatashuvchisi” uchar avtomobili uchun havo moduli ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 10 ming donani tashkil etishi taxmin qilinmoqda.  


Maqola muallifi

Teglar

Los-Anjeles havo taksilari LA28

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing