Londonda uyqu chempionati o‘tkazildi
Bu qiziq
−
24 avgust 2023
10064Buyuk Britaniyaning London shahrida Yevropaning birinchi ekstremal hordiq chempionati o‘tkazildi. Bu haqda “Euronews” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Oval” stadionida bo‘lib o‘tgan uyqu chempionatida jami 20 ta odam qatnashgan. Bunda har bir ishtirokchi uchun qulay to‘shak va yumshoq yostiq berildi.
Ekstremal hordiq chempionati taniqli sport psixologi va Loughboro universiteti sport va mashqlar psixologiyasi katta o‘qituvchisi doktor Jeymi Berkerning g‘oyasidir. U Britaniya ishchi kuchining deyarli yarmi kuchli charchashdan aziyat chekishi haqidagi ma’lumotlardan so‘ng, shunday qarorga kelgan. Ushbu chempionatni tashkilotchilar “dam olishdan boshqa hech narsa qilmaslik” musobaqasi deb atamoqda. U orqali ishchilar kun davomida hech qanday ish qilmay, faqat dam oladi.
“Odamlar har kuni stress va vaqt yetishmovchiligidan aziyat chekadi. Shu sababli dam olishga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Dalillar shuni ko‘rsatadiki, muntazam ravishda xordiq chiqarish va xotirjamlik uchun vaqt ajratish ruhiy salomatlikka ijobiy ta’sir qiladi va stressning salbiy ta’sirini kamaytiradi”, dedi Jeymi.
Musobaqa davomida yurak urish tezligini iloji boricha past darajada ushlab tura olgan shaxslar g‘olib bo‘ldi. Ammo bu ko‘ringanidek oddiy emas. O‘yin 3 bosqichdan iborat bo‘lib, har bir bosqichda atrofdan ishtirokchilarga xalaqit beruvchi musiqalar jaranglab turgan. Xususan, 1-raundda mashina shovqini, 2-raundda o‘rmon va yomg‘ir ovozi yangragan, 3-raundda esa stadionga skripkachi yuqori tempdagi kuy chalib kirib kelgan.
Musobaqa so‘nggida londonlik Nikola Richardson ismli 30 yoshli ayol g‘olib, deb topildi.
LiveBarchasi