Londonda ikki yo‘lovchi poyezdi to‘qnashib ketdi. Qurbon bor (video)
Olam
−
20 iyun 2048 2 daqiqa
London shimolidagi Bedford shahri yaqinida kecha, 19 iyun kuni kechqurun ikkita yo‘lovchi poyezdi to‘qnashib ketishi oqibatida kamida bir kishi halok bo‘ldi, yana o‘nlab odamlar jarohatlandi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Rasmiylarning bildirishicha, hodisa mahalliy vaqt bilan taxminan soat 17:15 da Angliyaning markaziy-janubiy qismidagi Bedford shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Transport politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, voqeadan so‘ng politsiya va tibbiyot xodimlari ishtirokida keng ko‘lamli qutqaruv amaliyoti boshlangan.
Sharqiy Angliya tez yordam xizmati bayonotida aytilishicha, avariya joyida bir kishi halok bo‘lgan. Yana 33 kishi og‘ir va 56 kishi esa yengil tan jarohatlari olgan.
Oradan ko‘p o‘tmay e’lon qilingan yana bir bayonotda Britaniya temir yo‘l xodimlari kasaba uyushmasi poyezdlardan birining mashinisti, avval kasaba uyushmasi vakili bo‘lib ishlagan xodim halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
“Bu xuddi bomba portlagandek, go‘yo portlash ichida qolgandek tuyuldi. Men orqadan kelib, oldindagi poyezdga urilgan poyezdning bosh vagonida ketayotgan edim. Hozir ham yura olayotganim va nafas olayotganimga hayronman”, deydi hodisa ishtirokchisi Piter Knapp.
Knappning so‘zlariga ko‘ra, to‘qnashuvdan keyin vagon ichi changga to‘lib, o‘rindiqlar esa har tomonga sochilib ketgan. U ayrim yo‘lovchilarning yuzlari qonga belanganini ko‘rganini, kamida ikki kishining hayoti xavf ostida bo‘lgan jarohatlar olganiga guvoh bo‘lganini aytgan. O‘zi esa boldir qismidan qon ketganini, hodisadan keyin beli qattiq og‘rib qolganligi sababli nogironlar aravachasiga o‘tirishga majbur bo‘lganini ma’lum qilgan.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer to‘qnashuv haqidagi xabarlar juda tashvishli ekanini bildirib, halok bo‘lgan shaxsning oilasiga va jarohatlanganlarga hamdardlik izhor etgan.
To‘qnashgan poyezdlar Angliyaning eng gavjum temir yo‘l bekatlaridan biri bo‘lgan London Sent-Pankras Interneshnl tomon yo‘l olgan bo‘lgan. Britaniyaning temiryo‘l operatori “East Midlands Railway” ma’lumotiga ko‘ra, ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha taxminan bir soat farq bilan harakatlangan.
Temir yo‘l hodisalarini tekshirish boshqarmasi vakillari esa to‘qnashuv qanday yuz berganini aniqlash uchun mutaxassislar guruhi voqea joyida dalillar to‘playotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belgiya shimolidagi Flandriya hududida joylashgan Buggenhaut shahri yaqinidagi temir yo‘l kesishmasida maktab mikroavtobusi poyezd bilan to‘qnashib ketishi oqibatida to‘rt kishi, jumladan, ikki nafar bola halok bo‘lgandi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust