London shahri dunyoning moliyaviy markazi maqomini yo‘qotdi
Olam
−
30 mart 2023
11197London shahri ma’muriyati tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Britaniya poytaxti moliyaviy markazlarning jahon reytingida endi yagona yetakchi emas. Bunga Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi sabab bo‘lgan.
Britaniya poytaxti ishbilarmonlik okrugi boshqaruv organi – City of London korporatsiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, London shahri jahon moliya markazlari reytingida peshqadamlikni Nyu-York bilan bo‘lishadi. Shu bilan London shahri tarixda birinchi marta asosiy moliyaviy markaz sifatidagi yagona maqomini yo‘qotdi.
Ushbu reytingda London va Nyu-York mos ravishda 60 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan. Singapur 51, Frankfurt 46, Parij 43, Tokio 35 ochko bilan keyingi o‘rinlarga loyiq deb topilgan.
Yakka peshqadamlikni yo‘qotishning asosiy omillaridan biri Brexit – Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi bo‘ldi. Shu sababli, ba’zi korporatsiyalar shtab-kvartiralarini kontinental Yevropaga ko‘chirishga majbur bo‘ldi.
Tadqiqotda qayd etilishicha, London qarz berish, tijorat sug‘urtasi va aktivlarni boshqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik markaz bo‘lib qolmoqda. Biroq jahon moliyaviy markazi maqomini saqlab qolish uchun Britaniya poytaxti tartibga solishni yaxshilashi va chet eldan malakali ishchi kuchining kirib kelishini ta’minlashi kerak.