Lola Karimova va uning eriga tegishli 3 ta villa sotuvga qo‘yildi
Jamiyat
−
05 avgust 2020
76842O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi, “Sen yolg‘iz emassan” fondi hamda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Lola Karimova-Tillyayeva va uning turmush o‘rtog‘i Temur Tillyayevga tegishli bo‘lgan Los-Anjelesdagi 3 ta villa sotuvga qo‘yildi. Bu haqda qo‘shma shtatlarda chop etiluvchi “Variety” nashri xabar bermoqda.
Uylarning har birining narxi o‘rtacha 6 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Ushbu uylarni xonim Karimova va janob Tillyayev bundan 6 yil avval, 2014 yil jami 16,1 million AQSH dollaridan sal ko‘proqqa, har birini alohida bitim bilan xarid qilishgan. Ayni vaqtda ular jami 18,9 millish AQSH dollariga sotilmoqda.
Oila bu uylarning hech birida istiqomat qilmagan. Ular ayni damda Beverli-Xillz shahridan 33 million AQSH dollariga xarid qilingan uyda yashab kelmoqda. Ushbu uy yaqinida Lola Karimova-Tillyayevaga tegishli bo‘lgan “The harmonist” nomidagi atir do‘koni ham joylashgani aytiladi.
Nashrning yozishicha, Los-Anjelesdagi sotuvga qo‘yilgan uylar va o‘zlari istiqomat qilib kelayotgan xonadon marhum Prezident Karimovning kenjasiga tegishli eng qimmat uy emas. Ularga tegishli qimmatbaho uylar Fransiya va Shveysariyada joylashgan. Jenevedagi bitta uyning narxi esa 47 million AQSH dollariga baholangan.
Nashrning alohida qayd etishicha, Lola Karimova va Temur Tillyayev ushbu uylarni xarid qilish uchun mablag‘larni Toshkentdagi “Abu-Saxiy” bozori faoliyatidan orttirgan. Bozor ularga 2013-2014 yillarning o‘zida 127 million AQSH dollari foyda keltirgan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2016 yilning 2 sentyabr kuni 78 yoshida vafot etdi. Shundan so‘ng, oilaning kenjasi Lola Karimova O‘zbekistonni tark etdi. U umumiy hisobda bir marta otasining xotira marosimida ishtirok etdi va opasi Gulnora Karimovaning qizi Imon bilan birgalikda namoyon bo‘ldi.
2019 yilning oxirlarida Lola Karimova-Tillyayeva AQSHda “The harmonist” brendiga asos solgani haqida ma’lum qilgan edi.
Karimova xonim Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi vasiylik kengashi raisi sanalsada, faoliyatni masofadan turib olib boradi. Fond tadbirlarida asosan Islom Karimovning bevasi Tatyana Karimova faol. U Toshkentdagi uyida yolg‘iz yashamoqda.
LiveBarchasi