Logoped Dilorom Jabborovaga nisbatan jinoyat ishi ochildi

3-sahifa

image

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda logoped Dilorom Jabborovaning duduqlanishdan aziyat chekayotgan bolani so‘kinish orqali hamda qo‘rqitish usulida “davolayotgani” aks etgan video tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan, holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangandi. Endilikda mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

Bildirilishicha, Yunusobod tumani IIO TB olib borgan tergovga qadar tekshiruv materiallari Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan nazorat doirasida o‘rganilib, ekspertlar ishchi guruhi xulosasi va aniqlangan boshqa holatlar asosida, Jabborovaning harakatlarida aldash va odamlarni ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini va uning mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishda ifodalangan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlangan va joriy yilning 27 fevral kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda Yunusobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Bolalar ombudsmani logoped Dilorom Jabborovaning ish uslubiga ilmiy va kasbiy baho berish uchun so‘rov kiritgan. Shu asosda malakali defektolog va logopedlardan iborat ishchi guruh o‘tkazgan o‘rganish natijasida Jabborovaning ish usuli mutlaqo ilmiy asoslanmagan, murakkab duduqlanish muammosiga tor va ibtidoiy yondashuvda ekani, uning duduqlanishni bartaraf etishda qo‘llayotgan ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik usullari bolalarning sog‘lig‘i va tarbiyasiga jiddiy zarar keltirishi hamda pedagogika qoidalariga butunlay zidligi to‘g‘risida xulosa berilgan.

Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan mazkur ish bo‘yicha o‘z kuzatuvini davom ettirishini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing