Logistika xarajatlarini kompensatsiya qilishga 100 mln dollar ajratiladi
Jamiyat
−
18 avgust 2023
2647Logistika xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha 100 million dollar yo‘naltiriladi. Bu haqda Prezidentning tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tayotgan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Prezident ushbu yig‘ilishda yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot olib kirish masalasiga to‘xtaldi.
“Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak. Biz ayrim mamlakatlar kabi neft-gaz resurslarini sotish hisobiga yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlay olmaymiz. Bizning “neftimiz” ham, “gazimiz” ham bu – siz kabi tashabbuskor va ishbilarmon tadbirkorlar xom ashyodan yaratayotgan yuqori qiymatli va sifatli mahsulotlardir”, deydi davlat rahbari.
Mahsulotlar tashqi bozorlarda sifatli, talabgorligi yuqori va raqobatbardosh bo‘lishi uchun ishlab chiqarishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, keskin o‘sishga erishish zarurligi ta’kidlangan.
Ma’lum qilinishicha, xalqaro maydondagi vaziyat hisobiga logistika xarajatlari 3-4 baravar oshib ketganini hisobga olib, davlat eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni izchil davom ettiradi. Ular uchun moliyaviy imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.
Logistika xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha 100 million dollar yo‘naltiriladi. Shuningdek, mahsulotlarni xorijda sertifikatlash, xalqaro standartlarni joriy qilish va bu borada mutaxassis tayyorlashga yana 25 million dollar ajratiladi.
“Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi joriy yilda ham davom ettiriladi va dastur bilan qamrab olinadigan korxonalar soni 500 taga yetkaziladi. Ular uchun dasturdagi barcha imtiyozlar davom ettiriladi.
LiveBarchasi