Liviyada qo‘zg‘olon boshlandi (video)
Olam
−
13 may 13114 2 daqiqa
Kecha, 12 may kuni Liviyada militsiya rahbari Abdul G‘ani al-Kikli o‘ldirilishi ortidan Misrata va Tripoli kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv boshlandi. Bu haqda “Al Mayadeen” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, kecha, 12 may kuni kechqurun Tripolining turli tumanlarida hukumat qurolli kuchlari va isyonchi guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan. Bir necha kun avval Misrata, Zaviya va Zintan shaharlaridan chiqqan isyonchilar Liviya Barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi va Misrata birlashgan kuchlari o‘rtasidagi mojaro kuchayganidan so‘ng poytaxtga yo‘l olgan.
Qayd etilishicha, Abdul G‘ani al-Kikli prezidentlik kengashi huzuridagi Liviya barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi (SSA) rahbari bo‘lgan. Mazkur boshqarma Tripolidagi eng qudratli harbiy tuzilmalardan biri sifatida ko‘riladi.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, harbiylar SSA shtab-kvartirasini egallash bo‘yicha buyruq olgan. Shundan so‘ng Tripoli ko‘chalarida tanklar va boshqa harbiy texnikalar paydo bo‘lgan. Shahardagi aeroport vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan. Politsiya fuqarolarga uydan chiqmaslikni maslahat bermoqda. Barcha maktab va universitetlar ham vaqtincha yopilgan.
Liviya Milliy birlik hukumati Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, poytaxt Tripolidagi harbiy operatsiya bugun ertalab muvaffaqiyatli yakunlangan. To‘qnashuvlar oqibatida kamida olti kishi tan jarohati olgani xabar qilinmoqda.
“Al-Awsat” xabariga ko‘ra, Tripolining bir qancha hududlari, jumladan shahar markazi elektr ta’minotidan uzilgan. Harbiylar operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgani haqida ma’lum qilgan bo‘lsada tafsilotlar ochiqlanmagan, faqatgina vazirlik ushbu hududda “barqaror xavfsizlik va osoyishtalikni ta’minlash uchun o‘z rejasini yakunlash” bo‘yicha ko‘rsatma berganini bildirgan. AQSH va Fransiya elchixonalari ziddiyatni yumshatishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash apparati 2021 yilda Milliy kelishuv hukumati prezidentlik kengashi tomonidan – Faiz Saroj (2016–2021) rahbarligida tuzilgan. Unga davlat binolari va amaldorlarini himoya qilish, shuningdek, harbiy amaliyotlarda ishtirok etish vazifalari yuklatilgan.
“Al-Hadath”ning yozishicha, fuqarolar urushi davrida al-Kikli isyonchilarning yetakchilaridan biri bo‘lgan. Jumladan, u 2014 yilda Tripoli aeroportini egallash maqsadida o‘tkazilgan “Liviya tongi” operatsiyasida qatnashgan.