Livanda tartibsizlik: Bayrut otishmalar ichida qoldi (fotoreportaj)
Olam
−
14 Oktabr 2021
7181Bugun, 14 oktyabr kuni Livan poytaxti Bayrutda boshlangan norozilik namoyishlari otishmaga aylanib ketdi. Bu haqda TASS mahalliy OAVga tayanib, yozmoqda.
Livan shialarining “Amal” va “Hizbulloh” harakatlari tarafdorlari Adolat saroyi oldidagi maydonda ommaviy yurish amalga oshirdi. Bu esa otishmaga aylanib, oqibatda 6 kishi halok bo‘lishi hamda 60 ga yaqin odam yaralanishiga olib keldi.
Ma’lum bo‘lishicha, otishma muxolif “Livan kuchlari” “Amal” va “Hizbulloh” harakatlari bilan to‘qnashishi ortidan kelib chiqqan. Tartibsizliklar binolardan biridan o‘q uzgan snayper tomonidan qo‘zg‘atilgan.
Rasmiylar bunga qanday munosabat bildirmoqda?
Vaziyat jiddiy ko‘rinish olgach, Livan armiyasi harbiylari jarayonga aralashgan. Ular Twitter orqali qurol bilan yurgan har kimga o‘t ochilishini e’lon qildi. Armiya, shuningdek, Bayrut ko‘chalariga zirhli mashinalarni joylashtirib, odamlarni xavfli hududlarni tark etishga chaqirdi. Ayni vaqtda otishma to‘xtagan. Biroq, harbiylar qurollangan odamlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan yaqin atrofdagi binolarni qidirmoqda va atrofdagi uylarning tomlarini ko‘zdan kechirmoqda.
O‘z navbatida, Livan Bosh vaziri Najib Mikati aholini xotirjam bo‘lishga va “mamlakatni fuqarolik nizolari egalab olishiga yo‘l qo‘ymaslikka” chaqirdi. Bundan tashqari, “Hizbulloh” va “Amal” ham o‘z tarafdorlarini tinchlanishga chaqirgan. Shu bilan birga, ular armiyadan namoyishchilarga o‘q uzgan merganlarni to‘xtatishni so‘ragan.
Ushbu aksiyalarga nima sabab bo‘ldi?
Shia partiyalari 2020 yil 4 avgustdagi port portlashlari bo‘yicha tergov komissiyasini boshqaruvchi sudya Tarek Bitarning ishdan olinishini talab qilmoqda.
Bitar hozirda deputatlik daxlsizlik huquqiga ega bo‘lgan sobiq vazirlarni so‘roq qilishni rejalashtirgan, keyin hatto jinoiy beparvolik ayblovi bilan ularni hibsga olishga order bergan.
Shia harakatlari esa Bayrutning katta qismini vayron qilgan portlash qasddan qilingan fitna oqibatida sodir bo‘lgan, deb hisoblaydi. Livan shialariga ko‘ra, bugungi otishmalar ortida ham xuddi shu kuchlar turibdi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 4 avgustda Livan poytaxti Bayrutda yirik portlash yuz bergandi. Mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bandargohning kuli ko‘kka sovurildi. Bandargohda bir necha yillardan beri saqlanib kelgan 2750 tonna ammiakli selitra portladi. Uning kuchi 3,3 balli zilzilaga teng bo‘ldi.
Foto: Bayrutdagi portlash oqibati. 2020 yil
Fojia oqibatida bandargoh vayron bo‘lishidan tashqari, 200 nafarga yaqin odam halok bo‘ldi. 6 mingdan ortiq odam jarohatlandi. Shaharning yarmi portlashdan zarar ko‘rdi. 300 ming odam boshpanasiz qoldi. Moddiy zarar miqdori 15 mlrd dollarga baholandi.
LiveBarchasi